Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ogohlantirishicha, Yamanda fuqarolar urushi mamlakat sog'liqni saqlash tizimini izdan chiqarib, millionlab odamlarni tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum qildi.
Tashkilot matbuot kotibi Tarik Yasarevichning aytishicha, Yaman sog'liqni saqlash tizimi urush va moliyaviy yetishmovchilik natijasida parchalanmoqda. 15 milliondan ziyod odam, jumladan uyini tashlab chiqishga majbur bo'lgan 1,2 million aholi tibbiy xizmatlar va zarur yordamga muhtoj.
Mamlakatdagi tibbiy muassasalarning deyarli 23 foizi yoki 300 tasi yo butunlay ishlamaydi yo qisman ishlamoqda, xolos.
Har hafta bir necha muassasa yopilmoqda, deydi Yasarevich.
“Bemorlar va tibbiy xodimlar xavfsizligi ta'minlanmayotgani uchun ham kasalxonalar, tibbiy markazlar yopilib ketyapti. Og'ir kasallar boshqa joylarga borishga majbur, natijada u maskanlar gavjumlashib, ishi sekinlashadi", - deydi BMT rasmiysi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining so'nggi hisobotiga ko'ra, Saudiya Arabistoni mart oyida Yamanda hutiy isyonchilarni havodan nishonga olishni boshlaganidan shu kungacha 4345 odam o'lgan, 22 mingdan ziyodi jarohat olgan.
Tarik Yasarevichning aytishicha, tibbiy mutaxassislarning mamlakatni tark etayotgani ahvolni yanada og'irlashtirmoqda.
“Tez yordam, travmatologiya, jarrohlik, akusherlik bo'limlarida malakali xizmatchilar yetishmayapti. Elektr ta'minoti va yoqilg'ining tanqisligi oqibatida mamlakat bo'ylab deyarli barcha kasalxonalarda reanimatologiya, ya'ni jadal terapiya bo'limlari, operatsion xonalar yopilgan”, - deydi Yasarevich.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti a’zo davlatlardan yil oxirigacha yamanliklarning tibbiy ehtiyojlari uchun 151 million dollar so’ragan. Hozircha 23 million dollar olingan, xolos.
Boshqarmaning ogohlantirishicha, agar pul so’ralgan miqdorda to’liq berilmasa, inson hayoti uchun muhim tibbiy muassasalar yopilib ketishi mumkin.