Breaking News

Sanoda minglab odam Hutiylar harakatiga qarshi namoyishga chiqqan


Yaman poytaxti Sanoda Hutiy shia harakatiga qarshi namoyishlar, 24-yanvar, 2015
Yaman poytaxti Sanoda Hutiy shia harakatiga qarshi namoyishlar, 24-yanvar, 2015

Bugun poytaxt Sanoda minglab fuqaro ko'chaga chiqib, shia isyonchilarga lan'atlar aytgan. Hutiylar deb nomlangan harakat hokimiyatni egallashga urinmoqda. Hussayn Badriddin al-Hutiy ismli shia qo'mondon asos solgan bu guruh asosan shimolda faol edi. Lekin o'tgan sentabr oyidan beri Sanoda nazoratni qo'lga olish ilinjida.

Yaman parlamenti Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadining iste'fosini qabul qilmayapti. Qonunchilar siyosiy tanazzulga yechim qidirib juma kuni favqulodda majlis o'tkazdi. Prezident va Vazirlar mahkamasi payshanba kuni ishdan bo'shagan.

Yaman aholisi asosan sunniylardan iborat. BMT vakili Jamol Benomar barcha tomonlarni muzokaraga chaqirmoqda. Tezlikda yangi hukumat tuzilmasa, Yamanda fuqarolar urushi boshlanib ketishi tayin.

Yamanning yaqin hamkori Amerika terrorizmga qarshi ketayotgan harakatlarni to'xtatgan. Al-Qoida va unga aloqador guruhlar nishonga olinayotgan edi. Gap bu yerda asosan dron hujumlari haqida ketmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Yamanda tarqoqlikni bartaraf etish hozir eng asosiy vazifa deydi. Mamlakat suverenitetini saqlab qolish kerak. Shimol va janubda separatist kuchlar oyoqqa turmoqda. Al-Qoida Yamanda mahkam joylashib olgani ham vaziyatni yanada keskinlashtiradi.

BMT elchisi Jamol Benomar payshanba kuni Yaman poytaxti Sanodan so'zlar ekan, raqib tomonlar chorshanba kuni erishilgan kelishuvga amal qilsagina siyosiy ixtilof barham topadi, dedi. Bitimda hokimiyatni taqsimlash va zo'ravonlikni tugatishga kelishib olingani aytilgan.

Amerika pozitsiyasi shuki, Hutiy harakati a'zolari yangi hukumatga kirishga haqli va masala demokratik yo'l bilan hal etilishi lozim.

Yamanda tinchlik bo'lishidan hamma birdek manfaatdor, deydi diplomatlar, murosa yo'lini izlash kerak.

Biroq hutiylar shiori mana bunday: Amerikaga o'lim; Isroilga va yahudiylarga o'lim; islom - kelajak.

Hutiylar uzoq payt asosan shimolda faoliyat yuritgan, biroq sentabrdan beri poytaxtda nazoratni qo'lga olishga urinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG