Breaking News

Yamanda armiya va muxolifat o'rtasida olishuv davom etmoqda


Yamanda armiya va muxolifat o'rtasida olishuv davom etmoqda
Yamanda armiya va muxolifat o'rtasida olishuv davom etmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo’yicha vakili Navi Pillayning aytishicha, mamlakat janubidagi Tayiz shahrida yakshanbadan buyon kamida 50 fuqaro o’lgan.

BMT vakilasi hukumatning namoyishchilarga qarshi harakatlarini qoralagan.

“Tibbiy maskan va shifokorlar aslo o’qqa tutilmasligi kerak”, - degan BMT vakili Yaman hukumatini fuqarolar huquqini e’zozlashga chaqirgan.

Tayiz shahrida bir necha haftadan buyon davom etayotgan namoyish dushanba kuni tarqatib yuborilgan edi. Hukumat gvardiyachilar va tanklarni ishga solib, isyonchilar pozitsiyasiga o’t qo’ygan.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton tinch fuqarolarga o’q uzgan hukumatni qattiq qoralab, prezident Solihni muvaqqat hukumat tuzishga chaqirgan.

AQShning Sanodagi elchixonasi ham Tayizdagi voqeani “yosh namoyishchilarga qarshi adolatsiz xuruj” deya ta’riflamoqda.

Bu orada Zinjibor shahrida harbiy havo kuchlari islomiy davlat quramiz degan isyonchilar manzillarini bombardiman qilmoqda. Rasmiylarning aytishicha, bu kuchlar “al-Qoida” bilan aloqada.

Fuqarolik urushi yoqasida turgan Yaman qurolli kuchlari va hukumat safida ham 33 yillik prezident Ali Abdulla Solihga qarshi kayfiyat kuchaygan.

Poytaxt Sanoda prezident Solihga sodiq harbiylar nufuzli Xashid qabilasi bilan olishayotgani haqida xabarlar bor.

Sobiq mudofaa vaziri Abdulla Ali Aleyva armiyasi prezidentdan voz kechib, xalq tomoniga o’tishga chaqirgan.

Yaman ittifoqdoshi, Fors ko’rfazi kengashi raisi Saudiya Arabistoni ham Solihni ketishga undagan.

Yaman rahbari bu kengash olg’a surgan sulhga, ya’ni lavozimini bo’shatib, muvaqqat hukumatga yo’l berishga rozi bo’lgan edi. Keyin so’zidan qaytib, turli bahonalar bilan hujjatlarni imzolashdan bosh tortdi.

Kuzatuvchilar nazarida lavozimdan ketmaslik uchun Solih anarxiyaga ham rozi.

“Hozir barcha tomonlar unga bosim o’tkazayapti. Boshqa avtokrat rahbarlar singari tutqinda, demak ketishdan boshqa iloji yo’q” deydi Sanodagi siyosiy kuzatuvchi Nosir Arabiya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG