Breaking News

Yaman tinchlik muloqoti 14-yanvarda davom etadi


Jenevadagi muzokaralar davomida
Jenevadagi muzokaralar davomida

Yamandagi hutiy isyonchilar va hukumat vakillari o'rtasida BMT vositachiligida Jenevada bir hafta davom etgan muzokaralar yakunlandi. Tomonlar BMT maxsus elchisi Ud Shayx Ahmad yordamida ixtilofga siyosiy yechim topishga harakat qildi.

Muloqotdan oldin vaqtinchalik sulh haqida e'lon qilingan edi, biroq unga qat'iyan amal qilinmadi. Masalan, Saudiya Arabistoni bilan chegarada joylashgan Hajjoh viloyatida hafta davomidagi otishmalarda kamida 68 odam o'lgan, shulardan 40 nafari hutiy isyonchilar.

BMT hisobiga ko'ra, o'tgan yil oxiridan beri mamlakatda 5800 dan ziyod odam qurbon bo'lgan. 2014-yil sentabr oyida hutiylar poytaxt Sanoni egallab olib, Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadi hukumatining qochishiga sabab bo'ldi.

Kechagi muzokaralar chog'ida tomonlar sulhni nazorat etish uchun umumiy qo'mita tuzishga kelishib oldi, ammo to'qqiz oydan beri davom etayotgan mojaroga barham berishga ojizlik qilishdi. Muzokaralar 14-yanvar kuni davom etadi.

Saudiya Arabistoni va yana bir necha arab mamlakatlari Hadi hukumatini qo'llab-quvvatlamoqda. Eslatish joiz, hutiylar shia mazhabiga mansub.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG