Breaking News

Xalqaro Amnistiya: Saudiya boshliq koalitsiya urush jinoyatlari sodir etmoqda


Havo hujumi sodir etilgan hudud xaritasi
Havo hujumi sodir etilgan hudud xaritasi

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiyaning qo'shni Yamandagi havo hujumida to'y paytida bazm qilayotgan odamlardan kamida 15 nafari nobud bo'ldi, yana 25 kishi yaralangan. Voqea Damar viloyatidagi Sanban tumanida ro'y bergan. Hudud shia hutiylar qo'lida, koalitsiya esa ularni bir necha oydan beri mag'lub etishga harakat qilmoqda.

Bundan 10 kun avval ham koalitsiya Qizil dengiz bo'yida to'y marosimini nishonga olib, 130 dan ziyod odamni nobud qilgan edi.

Guruhga to'qqiz arab davlati kiradi va uni AQSh qo'llab-quvvatlaydi. Hutiylar o'tgan yili Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadini hokimiyatdan ag'darib, poytaxt Sanoni egallab olgan edi. Hadi Saudiya Arabistoniga qochgan.

Kecha hutiylar BMT taklif etgan tinchlik rejasini qabul qilib, muzokara boshlashga rozi ekanini bildirgan. Hadi isyonchilardan shu kungacha ishg'ol etilgan hududlarni bo'shatishni talab qilmoqda.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Saudiya koalitsiyasini urush jinoyatlarida ayblab chiqdi.

"AQSh kabi davlatlardan qurol olayotgan koalitsiya sodir etgan jinoyatlar mustaqil va tezkor ravishda tergov qilinishi, qurol ta'minoti to'xtatilishi lozim", deyiladi guruh bayonotida.

Koalitsiya havo hujumlarida Yamanda 5000 atrofida odam o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG