6-noyabrda Kongressga bo’ladigan oraliq saylovlarda Vakillar palatasi va Senatdagi jami 470 ta o’rin uchun 2600 dan ziyod nomzod bellashadi. Hozirgi Kongress tarkibida oq tanli bo’lmagan irq vakillari va ayollar qonunchilarning 20 foizidan kamini tashkil qiladi, xolos. Ularning Kongressdagi ulushi mamlakatdagi ulushiga qaraganda kichikroq bo’lsa-da, latino, qora tanli, osiyolik qonunchilar soni saylovdan saylovga oshib bormoqda. Bunday nomzodlar Kongressga saylanishda qanday qiyinchiliklarga uchraydi?
Tomas Ouning ota-onasi Amerikaga 30 yil oldin Janubiy Koreyadan kelgan. U Virjiniya shtatida voyaga yetdi, AQSh Armiyasida sakkiz yil xizmat qilib, kapitan unvonida iste’foga chiqdi.
Siyosatga yoshligidan qiziqqan Tomas siyosatchilar xalq g’ami bilan yashamayotganini ko’rib, tizimni tubdan o’zgartirishga ahd qiladi va shu yil mart oyida 26 yoshga to’lishi bilan Kongress saylovlarida qatnashish uchun ariza beradi.
Agar multi-millioner bo’lmasangiz, mustaqil nomzod sifatida saylov kampaniyasi uchun pul yig’ish juda qiyin, siyosiy partiyadan nomzod bo’lish osonroq, deydi u.
“Siyosiy partiyalarda tayyor infratuzilma, tajriba, ko’ngillilar bor. Odatda demokratlar Demokratik partiyadan nomzodlarga, respublikachilar esa Respublikachilar partiyasidan nomzodlarga xayriya beradi”, - deydi yosh nomzod.
Tomas Virjiniya shtatining 8-saylov uchastkasida Vakillar palatasiga Respublikachilar partiyasidan saylanmoqda. Bu rayonda 1988-yildan beri respublikachilar g’alaba qozonmagan.
“Bu saylov uchastkasida 1990-yillargacha respublikachilar yaxshi natija ko’rsatib kelar edi. Biroq shu yerdan saylangan so’nggi respublikachi qonunchi saylov kampaniyasiz ham g’alaba qozonaman deb, saylovchilar bilan uchrashmay qo’ydi. Ammo bilamanki, bu rayonda yetarlicha respublikachilar yashaydi. Agar ular hammasi saylovga chiqsa, g’alaba yana biz tomonda bo’ladi”, - deydi Tomas.
Osiyoliklar ushbu saylov uchastkasi hududida yashovchi 800 ming aholining 12 foizini tashkil qiladi. Ozchilikdagi guruh vakili sifatida saylov kampaniyasida qatnashish nomzodga ba’zida foyda keltiradi, ba’zida esa zarar, deydi Tomas.
“Ozchilikdagi elatlar vakillari rayonimizda yashovchi aholining uchdan birini tashkil etadi, ammo ular turli davlat idoralariga saylanayotgan nomzodlarning uchdan bir qismini ham tashkil etmaydi”.
Tomasning aytishicha, ozchilikdagi guruh vakillarida saylovda qatnashish uchun pul yo’q. AQShda esa katta pulsiz g’alaba qozonish mumkin emas.
“AQShda siyosatchilar odatda o’ta badavlat bo’ladi. Ular oddiy amerikaliklar turmushini, qiyinchiliklarini bilmaydi. Sahar turib ishga borish, ro’zg’orni tebratish, puldan qiynalib bo’lsa ham oilasini aylantirgani olib chiqish kabilarni tushunishmaydi. Siyosatchilar oddiy amerikaliklar uchun muhim mavzularni ko’tarmaydi”, - deydi u.
Odatda nomzod Vakillar palatasiga saylanish uchun kamida bir million dollar pul sarflashi kerak. Ikki yil oldingi saylovlarda palataga saylangan 412 ta nomzoddan 394 tasi saylov kampaniyasi paytida raqiblariga qaraganda ko’proq pul sarflagan. Tomas Ou esa mart oyidan beri 70 ming dollar jamg’argan, xolos.
“Ko’p odamlar saylovga chiqishni istamaydi, hatto saylovchi sifatida ro’yxatdan ham o’tmagan. Bu esa muammo, chunki gap kelajagimiz haqida ketmoqda. Bizda katta pul yo’q, shunga Tomasning nomini chiqarish uchun imkon qadar pulsiz yo’llarni topishga harakat qilaman. Masalan, ko’ngillilarimiz ko’chada turib, shiorlarimizni, Tomas haqida ma’lumotni ushlab turadi. Bunga bir tiyin ham ketmaydi. Biroq buning uchun Tomasga ishonadigan, o’z vaqtini ayamaydigan ko’ngillilar kerak. Yonimizdan o’tgan har bir mashina bu saylovchi bilan aloqa degani”, - deydi Tomasning qaylig’i Jeraldin Lim .
Tomasga ishongan ko’plab do’stlari singari Jeraldin bo’lajak turmush o’rtog’ini bu murakkab jarayonda qo’llab-quvvatlamoqda.
“Tomas saylov kampaniyasini boshlaganida jamoamiz hali yo’q edi. Men sahar soat 7 dan kechqurun 11 gacha unga yordam berardim. Xatlarga markalarni yopishtirish, tashviqot qog’ozlarini taxlash, xatlarni pochtadan yuborish kabi ishlar bilan shug’ullanardim”, - deydi Tomasning saylov kampaniyasiga direktorlik qilayotgan qaylig'i.
Tomas uyma-uy yurib, yoshlar va saylovdan umidini uzgan odamlarni hamda saylovga odatda katta qiziqish bildirmaydigan ozchilikdagi etnik guruhlar vakillarini unga ovoz berishga da’vat etmoqda.
“Siyosatchilar amerikaliklarning kundalik tashvishlari bilan ishi yo’q. Masalan, tirbandlikni hal qilish, o’qishdan keyin yoshlarni ish bilan ta’minlash. Amerika xalqi siyosatchilardan umidini uzgan”, - deydi Tomas.
Ba’zi odamlar Kongressda yosh qonunchilar ko’proq bo’lsin, deydi. Ayni paytda kongressmenlarning o’rtacha yoshi 60 atrofida, qonun ularning yoshini cheklamaydi. Tomasning Demokratik partiyadan raqibi undan 42 yosh katta.
“Siyosatimizni bir to’p 80 yoshlilar belgilaydi. Ammo mening 20 ga kirgan o’g’lim kompyuterlarni internet va texnologiya haqidagi qonunlar ustida ishlayotgan senatorlardan yaxshiroq tushunadi. Qonunchilik organida kasbiy xilma-xillik ham bo’lishi kerak. Huquqshunoslar ko’payib ketgan. Kongressda doktorlar ham bo’lsin, olimlar ham bo’lsin, kompyuter mutaxassislari ham bo’lsin. Xilma-xil kasb egalari xalq vakillari bo’lsa, muammolarga turlicha yondashuvni ko’ramiz”, - deydi virjiniyalik nafaqaxo'r Selest Lend.
Tomas Ou qonunchilar muhlatini ham cheklash kerak, deydi.
“Siyosat kasb bo’lishi kerak deb o’ylamayman. Amerika monarxiya emas. Saylov kampaniyasi paytida qonunchi nomzodlarning ilk bor qatnashayotgan nomzodlardan ustunligi juda ham katta. Masalan, ular pochta markalariga to’lamaydi. Ana endi bir tasavvur qilinga. Agar siz bir million odamga xat tarqatmoqchi bo’lsangiz. Qonunchi nomzodlar bir tiyin ham to’lamaydi, Kongress to’laydi ular uchun, biz esa bu pulni ko’tarish uchun qattiq mehnat qilishimiz kerak”.
AQShda saylov kampaniyasi dunyoda eng uzun jarayon bo’lib, ba’zida bir yildan oshiq vaqt davom etadi. Shuning uchun bo’lsa kerak, Amerikada yoshlarni saylovga jalb qilish qiyin. 2014-yilda umumiy saylovchilarning 42 foizi ovoz berishga chiqqan, xolos. Ovoz berish huquqiga ega yoshlarning yarmi saylovda qatnashmagan, yana 13 foizi esa ovoz berish uchun umuman ro’yxatga turmagan.
“Yoshlar bilan ko’proq ishlashga harakat qilaman. Ularning tashvishlarini tushunaman. O’zim ham talaba bo’lganman. O’qish, o’qishga pul to’lash, o’qishdan keyin ish topish nimaligini yaxshi bilaman. Ular siyosat haqida o’ylamaydi. Biroq kelajakni o’ylanglar, deyman. Agar o’qish arzonroq bo’lishini istasangiz, kelajagingiz qanday bo’lishini bilishni xohlasangiz, saylovda qatnashishingiz shart”, - deydi Jeraldin Lim.
Tomas saylovda qanday natija ko’rsatishidan qat’i nazar, ozchilikdagi elatlar, yoshlar va yangi amerikaliklar undan o’rnak olib, mamlakat kelajagi va taqdirini belgilashda faol bo’lishiga umid qilmoqda.
Facebook Forum