Yulduz Usmonova... O'zbekning xushovoz xonandasi. Dangal gapiradigan, tinim bilmas, jahongashta san'atkor.
Uning fikrlariga qo'shilmasligingiz mumkin lekin qiziqib tinglaysiz, chunki bilasizki, uning o'z qarashi bor. Yulduz Usmonova ularni xalq tilida tushuntira oladi.
Yevropa, Turkiya, Rossiya va boshqa ko'plab mamlakatlarda dong'i ketgan, ijodi keng miqyosda tan olingan Yulduz Usmonova "Amerika Ovozi" bilan ikki yil oldin Nyu-Yorkdagi konsertidan so'ng suhbatlashgan edi.
Bu safar uni tinglab tomosha qilish uchun bir mingga yaqin odam yig'ilgan. 2-may kuni Bruklinda o'tgan konsertdan Amerikadagi muxlislar mamnun. Xo'sh, bunisi oldingilaridan nimasi bilan farqli?
Yulduz Usmonova Qo'shma Shtatlar va bu yerdagi yurtdoshlari haqida nima deydi? Xonanda bilan Nyu-Yorkning Markaziy parkida muloqot qildik.