Breaking News

Zalmay Halilzod, Amerikaning afg'on diplomati, bilan suhbat


2008-yilda olingan surat: Zalmay Halilzod AQShning Afg'oniston, Iroq va BMTdagi elchisi bo'lgan. Respublikachi. Hozirda Vashingtonda o'z tashkilotini yuritadi.
2008-yilda olingan surat: Zalmay Halilzod AQShning Afg'oniston, Iroq va BMTdagi elchisi bo'lgan. Respublikachi. Hozirda Vashingtonda o'z tashkilotini yuritadi.

Zalmay Halilzod - o’tkir so’zli va serg’ayrat afg’on-amerikalik arbob. 40 yildan beri AQSh tashqi siyosatida o’ziga xos rol o’ynab kelayotgan shaxs. Halilzod – respublikachi. 2001-2009-yillar orasida Jorj Bush prezidentligi davrida yuqori pog’onalarga ko’tarilgan.

Amerikaga 17 yoshida kelgan Halilzod bu davlatda bilim olgach, Kolumbiya universiteti singari nufuzli oliygohlarda, RAND korporatsiyasi kabi tahlil markazlari, shuningdek, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va Oq uyda ishlagan. AQShning Afg’oniston, Iroq va BMTdagi elchisi bo’lgan. O’z davrining ilg’or va o’tkir diplomati, siyosatdoni. Hozirda Vashingtonda o’z tashkilotini yuritadi - siyosiy maslahat beradigan firma.

“Amerika Ovozi”ning Urdu xizmati bilan intervyuda Halilzod Afg’oniston va Pokiston til topisha olmas ekan, tinchlik bo’lmaydi, deydi. Muammo kaliti mana shu – murakkab va chuqur rishtalarga ega davlatlar orasidagi ishonchsizlikda, deydi u.

Halilzod fikricha, Amerika boshidan urg’uni mana shu ikki mamlakat orasidagi hamjihatlikni ta’minlashga berishi kerak edi. O’z harbiy kampaniyasida ular bilan alohida emas, birga ishlaganida balki samara berar edi, deya tushuntiradi arbob o’z xizmat davrini sarhisob qilar ekan.

Halilzod deydiki, Pokiston Afg’onistondan quvilayotgan Tolibonga joy bergani kechirib bo’lmas xato bo’lgan, biroq Vashington Islomobodga yetarlicha bosim o’tkazmagan, aksincha, unga terrorizmga qarshi hamkorlik qilayotgani uchun milliardlab dollar uzatgan. Faktlar hammaga ma’lum edi, deydi u, biroq G’arbda Pokiston bilan nifoqqa borish istagi bo’lmagan. Muloqot orqali uni "to’g’ri yo’lga solishga uringanmiz",- deydi Halilzod, lekin bu harakatlar natija bermagan. Amerika terroristlarni nishonga olaverdi, Islomobod buni tanqid qilaverdi – hech bir tomon o’z pozitsiyasini o’zgartirmadi.

"Amerika Ovozi" Urdu xizmatining "Cafe DC" ko'rsatuvida: Chapda jurnalist Faiz Rehman, o'ngda Zalmay Halilzod
"Amerika Ovozi" Urdu xizmatining "Cafe DC" ko'rsatuvida: Chapda jurnalist Faiz Rehman, o'ngda Zalmay Halilzod

Bugungi kunda Afg’oniston va Pokistonda Amerikaga nisbatan ishonch juda past. Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, aholining juda oz qismi AQSh vaziyatni yaxshilay olishiga ishonadi. Amerika ketdi, deydi ular, bu yog’i endi mahalliy rahbarlar qo’lida.

Pokiston Afg’onistonda ko’p hollarda nafrat bilan tilga olinadi. Shahar va qishloqlarni vayron qilishda davom etayotgan toliblar va boshqa to’dalar hamon Pokistonning tog’li hududlarida yashiringan kuchlardan madad olmoqda degan qarash keng tarqalgan. Halilzod deydiki, bu fakt. Islomobod bu iddaolarni qoralab keladi va terrorizm umumiy dushmanimiz, deya o’zini oqlashga urinadi.

Siyosatdon fikricha, AQSh Afg’onistonni tashlab qo’ymaydi, yordam davom etadi va bugungi vaziyat 15 yil oldingi ahvoldan bir necha marotaba yaxshi. Jangarilar faol, biroq mamlakatning katta qismi normal hayot kechirishni o’rganmoqda, barqarorlikka nisbatan bo’lsa ham erishildi, deydi Halilzod.

Iroqdagi elchilik davri haqida gapirar ekan, suhbatdoshimiz bu xato urush bo’lganini tan oladi. “Saddam Hussayn qo’lida atom qurollari haqiqatan yo’q ekanini bilganimizda urush boshlamagan bo’lar edik”, - deydi u.

Suriyaga kelganda, Halilzod Obama ma’muriyati urushni to’xtatish uchun qattiqroq harakat qilmayapti, deydi. Tezroq va dadilroq ishlash kerak edi, minglab insonlar hayoti asrab qolingan bo’lar edi, deydi arbob.

Ekstremizm avj olishida u islom dunyosidagi siyosat va mazhablararo raqobatni ayblaydi. Musulmonlar tarqoq va o’ziga nisbatan tanqidiy qarashni, javobgarlik va mas’uliyatni o’z bo’yniga olishni bilmaydi, deya tanqid qiladi Halilzod. Eron, Saudiya Arabistoni va Turkiya orasidagi nizolar sabab ham bugun “Islomiy davlat” singari yovuz kuchlar bilan yuzlashayapmiz, deydi Halilzod.

G’arb, xususan AQShni ko’p narsalarda ayblash mumkin, lekin bu arbob nazarida mutaassiblik ildizi mahalliy muammolarda. Davlatlar o’z manfaatlarini o’ylashi kerak. Bu esa fuqaro manfaatini o’ylashdan boshlanadi. Aholini qanday muammolar qiynamoqda? Jamiyatga nima tahdid solmoqda? Har qanday siyosat mana shu savollarga javob qanday ekaniga asoslanishi lozim, deydi Halilzod.

Zalmay Halilzodning yangi kitobi "Elchi: Kobuldan Oq uyga, beqaror dunyo bo’ylab sayohat” deb nomlanadi. Mozori Sharifdagi bolaligi, Kaliforniya shtatidagi talabalik yillari va siyosiy faoliyati haqida yozadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG