Breaking News

Zelenskiy Rossiya bilan muloqot muhim ekanini aytmoqda


"Normand to'rtligi" uchrashuvidan, Parij, 9-dekabr, 2019-yil
"Normand to'rtligi" uchrashuvidan, Parij, 9-dekabr, 2019-yil

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukrainaning yangi prezidenti Vladimir Zelenskiy ilk bor yuzma-yuz uchrashdi. Ikki rahbar Donbass mojarosini hal qilishga qaratilgan “Normand to’rtligi”ning Parijda o’tgan majlisida ko’rishdi.

Xalqaro hayot - 10-dekabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:45 0:00

Fransiya prezidenti va Germaniya kansleri vositachiligida uyushtirilgan muloqot chog’ida Ukraina va Donbassdagi bo’lginchilar o’rtasida yil oxirigacha asirlarni to’liq ayirboshlashga va qurolli to’qnashuvni to’xtatishga kelishildi. Sulh amali nazorati bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari shug’ullanadi va shu munosabat bilan ularning mandatini kengaytirishga ham erishildi.

Biroq Putin Zelenskiyning Rossiya bilan chegara nazoratini ukrain harbiylariga topshirish talabiga ko’nmadi. Rossiya rahbari avval bo’lginchi hududlarda saylov o’tkazib, Ukraina Konstitutsiyasida Donbassga maxsus maqom berilsin, demoqda, ammo Zelenskiy uchun bunday shartni qabul qilish mag’lubiyat bilan teng. Busiz ham ayrim ukrainaliklar yosh prezident g’o’rlik qildi, deb norozilik bildirmoqda.

Parijdagi sammitdan bir kun oldin minglab odam Ukraina poytaxti Kiyevda to’planib, aprel oyidagi prezident saylovida salmoqli g’alabaga erishgan Vladimir Zelenskiyni qo’shinlarni sharqdagi front chizig’idan chiqarishga ko’nib, Rossiya bosimiga yon berayotganlikda aybladi.

Sharqda bo’lginchilar bilan jang qilgan ba’zi harbiylar nazarida, ularning Ukraina hududiy yaxlitligini tiklashga qaratilgan harakatlari va bu yo’ldagi qurbonliklari behudaday tuyulmoqda.

“Urush boshida qo’lga kiritilgan hududlarni boy berib qo’yamiz deb qo’rqyapman. Ko’p do’stlarim bu janglarda halok bo’ldi. Bu hududlarni qozonish oson bo’lmagan. Ularni shunchaki berib qo’ymaymiz”, - deydi Faina ismli ofitser juvon.

2014-yilda boshlangan mojaro 13 mingdan ziyod odamning hayotiga zomin bo’ldi. Ukraina qo’shni Rossiyani bo’lginchilarga madad sifatida hududga qo’shin yuborganlikda ayblaydi. Kreml Ukraina bilan Luganskaya stanitsasi, Petrovskoye va Zolotoye shaharlaridan ukrain qo’shinlarini olib chiqish sharti evaziga muloqot qilishga rozi bo’lgan. Saylov kampaniyasida urushni tugatishga so’z bergan Zelenskiy bu borada muloqot muhim ekanini aytadi.

“Uchrashuvga erishganimizning o’zi g’alaba. Chunki 2016-yildan beri turib qolgan jarayonni jonlantirdik. Busiz urushga yakun yasash haqida gap bo’lishi mumkin emas”, - dedi Zelenskiy.

Yosh rahbar qo’g’irchoq bo’lmasligini aytdi.

“Katta-katta rahbarlar, impercha ishtahaga ega yetakchilar stol atrofida o’tirishganida men taom solib tortiladigan idish bo’lishni istamayman. Men shu stol atrofida teng, mustaqil va kuchli davlat sifatida o’tirishni xohlayman”, - dedi Zelenskiy.

“Normand to’rtligi” to’rt oydan keyin yana ko’rishishga kelishib oldi.

Bu o’rtada bugun AQSh Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeo Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Vashingtonda ko’rishmoqda. Ukraina mavzusi ham ko’tarilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG