Ukrainada prezident saylovlarining ikkinchi bosqichida qiziqchi va aktyor Vladimir Zelenskiy katta farq bilan amaldagi prezident Petro Poroshenkoni mag’lub qildi. Zelenskiy undan uch marotaba ko’p ovoz to’plagan. Poroshenko mag’lubiyatini tan oldi.
Zelenskiy tarafdorlariga ko’ra, Ukrainada chuqur ildiz otgan korrupsiyani yengish uchun siyosatga yangi odam kerak bo’lgan. Biroq tanqidchilar Rossiya uning tajribasizligidan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
41 yoshli aktyor kinoda prezident rolini o’ynagan bo’lsa-da, hayotda siyosiy tajribasi yo’q.
“G’alabaga birga erishdik. Hammangizga rahmat! Uzundan uzun nutq so’zlamayman. Rahmat aytib qo’ymoqchiman, xolos”, - dedi Zelenskiy tarafdorlariga.
Tanish-bilishchilik, poraxo’rlikdan charchagan Ukraina xalqi yangi odam muammolarga samarali yechim topishi mumkin degan umidda Zelenskiyga ovoz bergan.
Mag’lubiyatini tan olgan Poroshenko prezidentlikdan ketyapman, ammo siyosatdan emas, dedi. Unga ko’ra, Kreml siyosiy jihatdan g’o’r odamning Ukrainada rahbarlikka kelganidan xursand.
Tahlilchi Anatoliy Oktisyukning aytishicha, Poroshenko islohotlarni jadallashtira olmadi, xalq turmush darajasini yaxshilay olmadi.
“Zelenskiyning g’alabasi sobiq siyosatchilarga qarshi berilgan ovoz natijasidir”, - deydi u.
Zelenskiyning tanqidchilari uni moliyaviy tovlamachilikda ayblanib, mamlakatdan qochgan oligarx Igor Kolomoyskiyning odami deb aytmoqda. Zelenskiyning “95-kvartal” hajviy ko’rsatuvlari milliarderga qarashli telekanalda namoyish etiladi.
Yangi prezident Ukraina G’arbga qaragan siyosatdan og’masligini bildirdi.
“Nazarimda, Zelenskiy Rossiya bilan hamkorlikning ancha pragmatik modelini ishga soladi, iqtisodiy hamkorlik tiklanadi. Biroq mojaro hal bo’lmaydi. So’nggi besh yilda ikki mamlakat aloqalari jiddiy lat yegan. Agar Zelenskiy munosabatlarni yaxshilashga qo’l ursa, radikal kuchlar, millatchilar va siyosiy raqiblari qarshiligiga uchraydi”, - deydi “Demokratiya uyi” tahlil markazi eksperti Anatoliy Oktisyuk.
Poroshenko prezidentlik vakolatini Zelenskiyga kelasi oy topshiradi. Kreml vakillari Rossiyada yashayotgan uch million ukrainalik saylovda qatnashmaganiga ishora qilsa-da, saylov natijalarini tan olmaslikka asos yo’q, dedi.
Facebook Forum