ASEAN Janubiy Xitoy dengizi bo'yicha murosaga kela olmayapti

  • Amerika Ovozi

ASEAN anjumani qatnashchilari

Kambodjada Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari anjumanida rasmiylar Janubiy Xitoy dengiziga oid muzokarani davom ettirmoqda. Ammo kuzatuvchilar fikricha, yig’in boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

ASEAN anjumani qatnashchilari Janubiy Xitoy dengiziga oid ziddiyatlarni yashirishga urinmoqda. Ammo rasmiylar masala bo’yicha qabul qilingan qo’shma bayonotdan barchaning birdek rozi bo’lmaganini tan olishdi.

Indoneziya Tashqi ishlar vaziri Marti Natalegavaning aytishicha, masala ichki doiralarda ham muhokama qilinmoqda.

“Ayni paytda parallel, ammo bir-biriga bog’liq jarayon ketmoqda. Dengizda yuz berayotgan tashvishlanarli o’zgarishlar bo’yicha uyushmaning rasmiy qarashini bilish uchun”, deydi vazir.

ASEAN a’zolari – Vyetnam, Filippin, Bruney va Malayziya Janubiy Xitoy dengizining bir qismiga da’vo qiladi. Bu hol dengizning katta qismini o’ziniki deyayotgan Xitoyning jig’iga tegmoqda.

Anjumanda tomonlar Xitoy bilan munosabatlarni tartibga soluvchi qoidani qabul qilish haqida fikr almashmoqda. Yig’inda hamkor davlatlar vakillari, xususan, AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ishtirok etdi.

Klinton bugun anjuman doirasida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Yang Jeychi bilan uchrashgan. Resursga boy dengiz hududidan foydalanish uchun barcha tomonlar manfaatlari hisobga olingan umumiy kelishuvga erishilishi lozim, deydi AQSh Davlat kotibi.

Amerikaning hududdagi faollashuvini Xitoy xush ko’rmayapti. Obama ma’muriyatining Osiyo va Tinch okeani mintaqasida faoliyatni kuchaytirish haqida e’lon qilgan yangi strategik rejasi rasmiy Pekin noroziligiga sabab bo’ldi.

Siyosat e’lon qilingandan beri rasmiy Vashington hududdagi bir qator mamlakatlar, jumladan, Filippin va Vyetnam bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirdi.

Janubi-sharqiy Osiyodagi xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis Karl Tayerning aytishicha, AQSh ushbu anjumanda ishtirok etib, hudud mamlakatlari bilan nafaqat harbiy sohada, balki iqtisodiy-ijtimoiy yo’nalishlarda ham hamkorlik qilish niyatida ekanini ko’rsatmoqchi.

“Anjumanda Qo’shma Shtatlar iqtisodiyot, ta’lim, sog’liqni saqlash, Mekong daryosi bo’yidagi atrof-muhit va suv resurslarini boshqarish va boshqa bir qator masalalarda hamkorlik qilish niyatida ekanini aytadi. Bu bilan AQSh mintaqadagi maqsadi faqat Xitoyga qarshi harbiy hamkorlik emasligini ko’rsatmoqchi”, deydi tahlilchi.

Rasmiy Pekin o’z navbatida AQSh harbiylarining hududda jonlanayotganidan tashvishda. Xitoy Kommunistik partiyasi nazoratidagi nashrlarning yozishicha, Amerikaning Osiyoga kelishidan maqsad o’sib borayotgan Xitoy qudratini cheklash. Rasmiy Vashington bu da’volarni inkor etadi.