Abdulla Abdulla yoki Ashraf G'ani? 14-iyun kungi saylov buni hal qiladi

  • Amerika Ovozi

G'ani (chapda) va Abdulla

Afg’oniston prezident saylovlarida eng ko’p ovoz yig’gan ikki nomzod 14-iyun kuni o’zaro bellashadi. Poygani barbod qilishga bel bog’lagan Tolibon harakati qonli hujumlar haqida ogohlantirdi.

5-aprel kungi saylovda prezidentlikka da’vogarlarning hech biri 50 foizdan ko’p ovoz to’play olmagan edi. Afg’onlar ikki nomzoddan birini tanlashi kerak – Abdulla Abdulla yoki Ashraf G’ani.

Har ikkisi kecha Kobulda targ’ibot-tashviqot kampaniyasini boshlab yubordi. Afg’oniston Ichki ishlar vaziri Umar Daudzoyning aytishicha, xavfsizlik kuchlari yana uch haftalardan so’ng o’tadigan saylovda osoyishtalikni ta’minlashga qodir.

Shu bilan birga, vazir saylovning birinchi bosqichida o’nlab qonunbuzarliklar aniqlangani va ularda mahalliy politsiyaning qo’li borligini tan oldi.

“Qonunni buzganlar jazosini oldi. Xavfsizlik kuchlari jarayonga aralashmaydi”, - deydi rasmiy.

Aholini ovoz bermaslikka undayotgan toliblar shu hafta Badaxshon viloyatida 27 politsiyachini garovga olganini da’vo qilayapti. Ichki ishlar vaziri voqeani tasdiqladi, ammo tafsilotlar ma’lum emas.

“Jangarilar Yamgan tumanini bosib olganini bilaman va bu haqda gerdayib gapirishi achinarli. Politsiyachilar dushman emas, ular xalq xizmatida. Agar jangarilar shu o’lka farzandi bo’lsa, ularni qo’yib yuborishi kerak”, - deydi vazir Daudzoy.

Afg’onistonda hokimiyat xorijiy qo’shinlar chiqib ketayotgan bir paytda o’zgarmoqda. Qo’shma Shtatlar bir necha yuz zobitini mamlakatda qoldirib, armiya va politsiya malakasini oshirishda davom etmoqchi. Lekin prezident Hamid Karzay bu boradagi kelishuvni imzolamadi.

Prezidentlikka asosiy da’vogarlar Abdulla Abdulla va Ashraf G’ani agar yutib chiqsa hujjatni imzolashini bildirgan. Bo’lajak rahbar so’nggi 10 yilda qo’lga kiritilgan yutuqlarni asrashdek mashaqqatli vazifa bilan yuzlashadi. Afg’onistonda chuqur ildiz otgan korrupsiya, xavfsizlik hamda xalqaro yordam ozayib borayotgani eng dolzarb muammolardan.