Maryam Yahyo Ibrohim, ikki bolaning onasi, e'tiqodi deb o'limga tayyor

  • Amerika Ovozi

Xartumdagi katolik cherkovi

Sudanda nasroniylikdan qaytmagani uchun sudlanib, o’lim jazosiga loyiq topilgan juvonning bu hafta ko’zi yorigan. Rasmiylarning aytishicha, uni yaqinda ozod etishadi.

Maryam Yahyo Ibrohim qamalganida deyarli ikki yoshga kirgan o’g’li ham u bilan panjara ortida o’tirishiga ruxsat berilgan. Yangi tug’ilgan qizi ham endi u yerda bo’ladi.

Sudya ayolga nasroniylikda chiqsa, ozod etilishini aytgan. Buning uchun to’rt kun vaqt berilgan.

Maryam Yahyo Ibrohim “men nasroniyman” deb turib olgan.

Sud hukmiga binoan ona, bolasi emishdan chiqqach, ikki yildan keyin qatl etilishi kerak.

Maryam Yahyo Ibrohimning onasi nasroniy, otasi esa musulmon bo’lgan. Sudanda aslida bunday nikohning o’zi jinoyat hisoblanadi. Otasi tashlab ketgach, onasi unga nasroniy tarbiya bergan. Lekin qonunan, ota musulmon bo’lsa, bolalarga ham musulmon deb qaraladi.

Maryam Yahyo Ibrohim eri Daniel Vani bilan

Maryam Yahyo Ibrohim o’zini bunday tan olmasligi, sud nazarida, jinoyat.

Uning turmush o’rtog’i Daniel Vani ham nasroniy. Yaqinda bolalarini ko’rgan ota qamoqda oilasi ahvoli yaxshi ekanini aytadi.

“Rafiqamni olib chiqamiz, sud hukmidan shikoyat qilganmiz”,- deydi u.

Xalqaro hamjamiyat Sudandagi bu ishdan kuchli xavotir bildirib, hukm adolatsiz va xalqaro prinsiplarga zid ekanini eslatmoqda.

Inson o’zi istagan dinga e’tiqod qilishga haqli, bu uning uzviy, ajralmas huquqi, deydi Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron.

AQSh ham Sudanni fuqarolarning e’tiqod erkinligini oyoq osti qilmaslikka chaqirmoqda.

Huquq tashkilotlari esa Sudanni chidab bo’lmas haqsizlikda tanqid qilib, Maryam Yahyo Ibrohim darhol qo’yib yuborilishi shart degan talab qo’ymoqda.

Sudan hukumatining bildirishicha, ayol ahdidan qaytishi uchun hali ham vaqt bor. Islomga qaytsin, deydi Axborot vaziri Ahmad Bilol.

Sudan konstitutsiyasi diniy erkinlikni kafolatlaydi lekin adliya tizimi bu masalada islomiy hukmlar chiqarib keladi. Rasmiylar Maryam Yahyo Ibrohim ishi qayta ko'rib chiqilmoqda deydi.