Obama: Amerika iqtisodiyoti mustahkam, besh yilda 10 million ish

  • Amerika Ovozi

Obama Texasda

Amerika rahbari bugun xalqqa qilgan haftalik murojaatida iqtisod o’tgan besh yil ichida eng mustahkam ahvolda dedi. Bu davr mobaynida, deydi Barak Obama, xususiy sektorda 10 million yangi ish joyi yaratildi.

O’rta sinf AQSh iqtisodiyotining tayanchi, uning turmushi yaxshilansa, demak, mamlakat ham farovonroq yashayotgan bo’ladi, deydi Obama.

Uning nazarida minimal maosh miqdorini oshirish, oliy ta’lim bahosini pasaytirish, talabalarga qarzni to’lash uchun imtiyozlar berish bilan jamiyat yanada ildamlaydi.

Muxolifat prezidentni subutsizlik va o’jarlikda ayblashda davom etmoqda. Murosa nima ekani Obamaga mutlaq begona narsa, deydi Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner. Biror masalada prezident Kongress bilan kelisha olmayapti.

Respublikachilar Obama tanishtirgan islohotlarga, xususan sog’liqni saqlash tizimidagi o’zgarishlarga tubdan qarshi. Shu qadarki, ular prezidentni sudga berishga qaror qilgan, konstitutsiyani buzganlikda ayblab.

Sog’liqni saqlash sohasini isloh qilish to’g’risidagi qonunga kiritilgan ayrim o’zgartirishlar uchun prezident Kongressdan ruxsat olmagan, deydi spiker Beyner.

Obama fikricha bu siyosiy tomosha va Amerika xalqi uchun safsata.

Bu qonunning eng ziddiyatli qismi shuki, unga ko’ra, har bir amerikalik tibbiy sug’urtaga ega bo’lishi shart. Qurbi yetmasa, davlat yordam beradi. Respublikachilar nazarida bu inson erkinligini buzishdir. Masala Oliy sudga oshirilganida, qonun konstitutsiyaga zid emas degan hukm chiqarilgan.

Lekin konservativ kuchlar kurashni davom ettirmoqda