AQShning Minnesota shtatida hukumat agentlari olti kishini hibsga olgan. Ular Suriyaga borib "Islomiy davlat" jangari guruhiga qo'shilishni rejalaganlikda ayblanmoqda.
Barchasi shtatda yashovchi somalilik jamoa a'zolari. Ularga, shuningdek, terrorchilarga moddiy yordam berishga uringanlik aybi ham qo'yilmoqda.
AQSh prokurori Endryu Lugerning aytishicha, oltovlon 10 oydan beri AQShni tark etib, "Islomiy davlat"ga qo'shilishni rejalagan.
Ularning yoshi 19 va 21 o'rtasida, barchasi bir-biriga do'st, tanish. To'rt nafari Minnesotaning Minneapolis, ikkisi esa Kaliforniyaning San-Diyego shahrida qo'lga olingan.
Ayblovnomaga ko'ra, ular Nyu-York va San-Diyegodan avval Turkiyaga, so'ng u yerdan Suriyaga borishni rejalagan.
Rasmiylarga ko'ra, ayni damda 100 dan ziyod amerikalik Suriyaga shu maqsadda borgan, o'ndan ziyodi Minnesotada yashagan somalilik erkaklar va ayollar.