Obama Erdog'anni Rossiya bilan taranglikni yumshatishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Obama va Erdog'an Parijda muloqot qildi, 1-dekabr, 2015

Bugun Prezident Obama Parijda Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan muloqot qilib, Rossiya bilan so'nggi kunlarda vujudga kelgan taranglikni yumshatishga, Suriya mojarosini hal etishda hamkorlik qilishga chaqirdi.

“Dushmanimiz bir va bu "Islomiy davlat". Butun e'tiborimizni ana shu tahdidga qaratishimiz, Suriyada siyosiy yechimga kelishimiz kerak", - dedi Obama.

Kecha Parijda AQSh rahbari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham yarim soat gaplashgan.

Rossiya Turkiyani harbiy samolyotini Suriya uzra urib tushirganlikda ayblab, unga qarshi iqtisodiy choralar ko'rmoqda. Erdog'an Putin bilan Parijda ko'rishmoqchi edi, biroq Rossiya rahbari uchrashuvga rozi bo'lmadi. Anqaraga ko'ra, samolyot Turkiya chegarasini buzgani uchun nishonga olingan.

Obamaning aytishicha, Turkiya o'zini, havo sarhadlari, chegarasini himoya qilishga haqli.

Erdog'an muammoga diplomatik yechim topiladi degan umidda.

“Ziddiyatlarning kuchayishini istamaymiz, buning oldini olishga harakat qilyapmiz. Hech kimga zarar berishni, o'zimiz ham zarar ko'rishni xohlamaymiz. Agar mintaqada to'qnashuv yuz bersa, barcha tomonlar birday zarar ko'radi", - dedi Turkiya prezidenti.

Rossiya Turkiyani "Islomiy davlat" jangari guruhiga yordam berayotganlikda, undan neft sotib olayotganlikda ayblar ekan, Erdog'an isbot talab qildi.

"Agar da'volar tasdiqlansa, lavozimimdan ketishga tayyorman", - dedi u.

Turkiya harbiy to'qnashuvlar, fojialarning oldini olish uchun Rossiyadan tezkor harbiy aloqa kanalini qayta ochishni so'ramoqda. Kremlga ko'ra, kanal ishlaganida Turkiya undan foydalanmadi.