AQSh yetakchi diplomati Toshkentda bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Daniel Rozenblum, AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati

AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Daniel Rozenblum 5-sentabr kuni oqshom Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muloqot qildi. Bu Vashingtondan respublika poytaxtiga Prezident Islom Karimov qazo qilganidan keyingi ilk rasmiy safar.

Samarqanddagi dafn marosimiga AQShning mamlakatdagi elchisi Pamela Spratlen borgan edi.

Rozenblumning ta'kidlashicha, Amerika O'zbekiston bilan hamkorlikni kengaytiraveradi. Bu davlat tinchligi va farovoligidan AQSh manfaatdor, deydi u.

O'zbekistonning uzoq yillik rahbari vafot etgani haqida rasmiy bayonot ketidan hamdardlik bildirgan Prezident Barak Obama fikricha, respublika tarixida yangi sahifa ochilmoqda. AQSh O'zbekistonni quvvatlashda davom etadi. Mustaqillik, suverenitetni mustahkamlash yo'lida Vashington yordamni ayamaydi, deydi Obama.

Rozenblum 29-avgust kuni "Amerika Ovozi" bilan yuzma-yuz suhbatda bo'lgan edi. Karimovning ahvoli og'ir degan xabarlar u paytda endigina chiqayotgan edi.

Diplomatning qayd etishicha, O'zbekistonda rahbar yangilanishi bilan AQShning Markaziy Osiyo, xususan O'zbekistondagi maqsadlari va manfaatlari o'zgarib qolmaydi. Xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiy taraqqiyot, mintaqaviy birdamlik, inson huquqlari va demokratiya targ'iboti, madaniy aloqalar, ta'lim, ilm-fan hamda texnologiya va tibbiyot sohasidagi hamkorlik - Vashington uchun ustuvor masalalar, deydi Rozenblum.

Bu maqsadlar yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari, O'zbekiston bilan bir fikrdamiz deya olasizmi?

"Vaziyat va talablar yuzasidan o’xshash fikr va pozitsiyaga egamiz, deya olaman. Lekin har sohada har jihatdan bir fikrda bo’lish qiyin va mumkin ham emas. Davlatlar o’z yondashuvi, tarixiy asoslari va farqlariga ega. Muhimi, bu borada bugun ochiq gaplashamiz va bu ham o’ziga xos yutuq",- deya javob qiladi Rozenblum.

AQSh mintaqa mamlakatlari bilan diplomatik aloqa o'rnatganiga chorak asr bo'ldi. Mustaqillikning 25 yilligi nishonlanar ekan, Vashington ham munosabat va ta'sirni sarhisob qilmoqda.

Amerika chorak asrdan beri erkinlik va demokratiyani targ’ib qilib kelmoqda. Biroq mintaqada hamon avtoritar tuzumlar hukmron. Targ’ibot davom etadimi?

"Bu sohada eng oz yutuqqa erishdik desam xato bo’lmaydi. Eng qiyin ish ham shu o’zi. Davlatlar jon-jahdi bilan qarshilik ko’rsatadi, lekin erkinlik bizning qadriyatimiz va ustuvor maqsadlarga erishish bu borada rivojlanishni talab qiladi. Bundan, avvalo, sizning o’zingiz foyda ko’rasiz, deymiz. Tanqidchilarimizga aytamizki, biz harakatdamiz, erkinlik targ’iboti – oliy maqsadlarimizdan biri",- deydi Rozenblum.

Suhbatni mana bu yerda to'liq holda tomosha qiling:

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: O'zbekiston bilan hamkorlik juda muhim va davom etadi