Suriyadagi urush dahshati Kapitoliyda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Suriya urushi tasvirlari Kongressda

Besh yil oldin tuzumga qarshi namoyishlar bilan boshlangan mojaro fuqaro urushiga aylanib, Suriyani xonavayron qildi. Bugun bu urushni tasvirlaganimizda xalqaro homiylar, kimyoviy moddalar va terrorizmni tilga olamiz. Biroq gap aslida Suriya xalqi haqida ketmoqda.

AQSh Senatidamiz. Kapitoliyda, AQSh Kongressi joylashgan binoda. Tasvirlar, suratlar, odamlar. Tashkilotchilarning maqsadi – mehmonlarga urush dahshatini his qildirish. Suriyada odamlar doimiy dahshat ichida kun kechirmoqda.

“Naqadar bardoshli, kuchli xalq. Bu - suratlarda namoyon. Tirikchilik, hayot, har kungi tashvishlar. Ular eng og’ir vaziyatlarda ham yashay olayapti",- deydi Lina Murod, suriyalik shifokor.

Suratlardan biridagi suriyalik - olti yoshli qizaloq kuniga to’rt kilometr yurib oilasiga yegulik olib keladi. Yana bir tasvirdagi otaxon nabirasiga ot minishni, aravakashlikni o’rgatmoqda.

Urush beshafqat. Hech kimni ayamaydi. Jins va yosh tanlamaydi.

O’tgan besh yil ichida yarim milionga yaqin odamning yostig’i quridi. Xalqaro hamjamiyat aybdor degan fikr keng tarqalgan. Muzokaralardan nima foyda? Rasmiylar va’da beraveradi. Quruq gap. Bebaho vaqt esa boy berilmoqda.

Amerika boshidanoq Bashar al-Assagda qarshi keskin chora ko’rib, urushni to’xtatishi, balki unga yo’l qo’ymasligi kerak edi, deydi ayrim siyosatchilar. Senatda Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mita raisi, respublikachi Bob Korker shulardan biri.

“Biz Suriyada tinchlikni ta’minlay olgan bo’lar edik, agar siyosatimiz to’g’ri bo’lganida. Biz bu ishni eplay olmadik. Chunki qo’l qovushtirib o’tirdik”,- deydi Korker.

“Suriya xalqidan so’rasangiz, biz hech kimga kerak emas ekanmiz, deyishadi”,- deydi Lina Murod, faol.

Respublikachilar amaldagi prezident Barak Obama tutgan yo’ldan norozi va uni tanqid qilib keladi. Ular Suriya hukumatiga qarshi keskin choralar tarafdori. Oq uyga ko’ra esa AQSh bu urushga bosh suqmaydi. Boshqalar nazarida esa u allaqachon bosh suqib bo’lgan.