Texasda yangi hayot boshlayotgan muhojirlar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Texasdagi afrikalik muhojirlar

Amerikada muhojirlar katta shaharlarda yashasam deydi, chunki imkoniyatlar u yerda ko’proq. Biroq kichik, hayot sal sekinroq bo’lgan go’shalarda ham muhojirlarni topasiz. Texasning Xantsvil shaharchasida 300 afrikalik kun kechiradi. 40 ming aholiga ega Xantsvilda yirik qamoqxona bor. Muhojirlar ishlaydi bu yerda.

Afrikalik muhojirlar har yakshanba ibodatxonada ruhoniy Jon Okrupuvega quloq tutadi.

Asosan nigeriyaliklar keladi, deydi ruhoniy. Lekin eshik hammaga ochiq.

“Ibodatxona biz uchun ko’prik. Shu yerda yig’ilamiz, tanishamiz, dardlashamiz”,- deydi Okrupuve.

Cherkov nafaqat e’tiqod, balki madaniyat o’chog’i. Ganalik Piter Nyanor etnik kiyimda yuradi.

"Har yakshanba ataylab shunday kiyinaman. Vatanimni his qilaman.Odamlar sizga qarab qiziqadi, yurtingiz haqida biladi”.

Ibodatxona yangi kelganlarga yordam ko’rsatadi.

“Pulimiz yo’q lekin bag’rimiz keng. Bir yo’lini topamiz har doim”,- deydi ruhoniy.

Afrikaliklarning hammasi ham muhojir emas. Yoshlar orasida Amerikaga talaba sifatida kelganlar ko’p. Texas shtati universitetlari bilan tanilgan. Turli sohalarda o’qiyotgan yoshlarni uchratasiz. Ayrimlari ham ishlab, ham o’qiydi.

Ancha oldin kelib, doimiy ishlarga joylashib olgan afrikaliklar ham bor. Xususan, mahalliy qamoqxona xodimlari. Shtat jazoni o’tash boshqarmasi ham shu yerda.

Qiyin soha, deydi suhbatdoshlar, lekin zarur ish. Qamoqxonada mehnat qiladiganlar orasida ayollar ham bor.

"Vatandoshlar – oilam. Yonma-yon ishlaymiz, qorovulmiz. Menga biror narsa bo’lsa, oldimdagi odamga ishonaman. Bir-birimizga daldamiz”, -deydi muhojirlardan biri.

Qora tanli amerikaliklar afrikalik muhojirlarga qiziqib qaraydi.

“Ona tiling nima? Menga ham o’rgat, deb so’rashadi. Gap yo’q, kel, o’rgataman, deyman”, - deydi yana bir immigrant.

Afrikalikaliklar o’z do’konlarini ham ochib olgan. Vatandan kelgan mahsulotlarni sotadi. Butun qit’adan. Shaharcha aholisi muhojirlarga ijobiy qaraydi, deydi Natan Smit.

“Oldin ham afrikaliklarni uchratgan edim lekin ularning cherkovi haqida bilmasdim. Hozir esa shundoqqina mahallamda. Borib, huzur qilayapman. Ko’ngli ochiq, kamtarin, samimiy insonlar. Xudoning bandalari”.

Ruhoniy Jon nazarida muhojirlar mahalliy xalq va butun jamiyat bilan qorishishi kerak, aks holda yangi hayot boshlay olmaydi.

“Bir-birimizdan o’rganamiz, madaniy boylik bu”, - deydi Keyti ismli amerikalik.

Har bir muhojir oldida ikki muhim sinov: yangi mamlakatda o’z o’rnini topish va kindik qoni to’kilgan yurtni ham qadrlash.