“Bir daqiqali sir” deb nomlangan dastur bolalar uchun mo’ljallangan. Undan o’quvchilarga matematika va aniq fanlar bo’yicha vazifalar beriladi. Erik Yoder va uning qizi Natali yaratgan loyiha. Ingliz va ispan tillarida.
Oddiy mashg’ulot emas. Bolalar har bir jumboqni yechish uchun izchil izlanishi kerak, vaqt esa cheklangan.
Ona ko’chaga ketgan. Xat qoldirgan. Tushlikni o’zingiz tayyorlang, deb yozilgan unda. Xolodilnikda tuxum bor.
Tuxumlarning ayrimlari pishirilgan. Qolgani xom. Lekin uni ajrata olish kerak. Xo’sh, ularni chaqmasdan buni qanday aniqlash mumkin? O’quvchilarning boshi qotgan.
“Qiyin… Lekin qiziq. Har xil yo’llarni sinab ko’rasiz. O’qituvchi aytganini qilishimiz shart emas. Muhimi yechim topish. Ustoz sizga yaxshilab o’yla, deydi. Kallangni ishlat, deydi”, - deydi Samadi ismli o'quvchi.
U pishgan tuxumni aniqlash yo’lini topdi. Pishmaganlari sekinroq aylanadi chunki ichida suyuqlik bor. Fizika, kimyo sirlarini bilish kerak.
“Bolalar uchun ham qiziq, ham ularni o’ylantiradi. Zerikishmaydi. Ularni kichik guruhlarga bo’lib, shunday mashg’ulotlar o’tkazamiz. Natijani muhokama qilamiz”, - deydi Deyvid, Samadining o'qituvchisi.
“Kelishish kerak. Sinfdoshlar bir-biriga quloq tutishi kerak. Bu oson emas. Fikringizni aytsangiz, ular sizga baho beradi, chunki javob to’g’ri yoki noto’g’ri bo’lishi mumkin”, - deydi 5-sinf o'quvchisi Dante.
Darslar ingliz va ispan tillarida. O’quvchilar ikki yoki undan ortiq tilda so’zlashadi. Uyda ham bir tilda emas, ko’p tilda gaplashadiganlar bor. Masalan, Samadi yangilarini o’rganishga ham tayyor.
“Birini tushunmasangiz, ikkinchisiga o’tasiz. Ispanchada bunday ekan, inglizchada mana bunday deb tushuntirasiz. Menga juda ma’qul, qiziq”, - deydi Samadi.
“Ko’p tilli maktablarda bolalar boshqalariga qaraganda zukkoroq, tez o’ylaydi, tez harakat qiladi. Ijodkor. Omilkor. Chunki bir-biridan ko’proq o’rganadi. Ta’limiy jihatdan boy muhit”.
Karen Giting Rivera o’qituvchi sifatida “Bir daqiqalik sir” dasturini yuqori baholaydi. O’quvchilarning jonu dili, deydi u.
“Har bir jumboq uchun bir minut. Uni o’qish esa bir yarim minut. Vaqt cheklangani bolalarga hayajon va g’ayrat bag’ishlaydi. Ularni real hayotga tayyorlayapmiz. Vaqt kutib o’tirmaydi. Qarorlarni tez-tez qilish kerak. Lekin o’ylab qilish kerak. Xato qilsangiz, zararini ko’rasiz. Yechim topish yo’llarini shunday o’rganishadi”, - deydi Rivera.
Masalalarni ingliz va ispan tillarda o’qish bolalarning bilimini oshiradi, ularga ilmiy lug’atni o’rgatadi. Jumboqni yechish birga ishlashni talab qiladi, murosa qilishni.
“Uyda ispancha gapirmasa ham bu yerda tengdoshlari bilan ajnabiy tilda topishadi. Ba’zilar uchun bu uchinchi til. Masalalarni bir necha tilda muhokama qilishadi, yechishadi va bir-biridan o’rganishadi. Tabiiy bir jarayon”,- deydi Rivera.
“Bir daqiqalik sir” dasturi maktablardagi yagona shunday mashg’ulot emas. Amerika o’quv dargohlari tajriba va sinovni yaxshi ko’radi. Yangilikka ishtiyoqmand.