Tibbiy turizm qariyb 500 milliard dollarlik biznes

  • Amerika Ovozi

Har yili dunyoda 11 million bemor boshqa davlatga borib, o’zini operatsiya qildiradi. Tibbiy turizm deb nomlangan bu soha 439 milliard dollarlik biznes.

​“VISA” kredit kompaniyasi va “Oxford Economics” nashri olib borgan tadqiqot natijalariga ko’ra, vatanda sog’liqni saqlash qimmatligi, mutaxassis yetishmasligi va xalqaro safarlar osonlashgani bois tibbiy turizm kelasi 10 yil mobaynida 25 foizga o’sib boradi.

Bu sohani tebratayotganlar esa yosh kompaniyalar. “Medrepublic” yoshlar boshqaradigan firma. Shifokor va bemorni, kasalxonalar va klinikalarni bir-biri bilan bog’laydi.

“Bizning saytimizga kirib bemor o’zi istagan doktor bilan bevosita muloqot qilishi mumkin.", - deydi Robert Reyj.

"Eng ko’p odam boradigan mamlakat hozir Tailand. Ikkinchi o’rinda esa AQSh. Bu davlatda tibbiyot boy va tibbiy yo’nalishlar kuchli rivojlangan. Aynan siz xohlagan maxsus doktorni topasiz”.

Lekin 1 million 800 ming amerikalik har yili boshqa mamlakatga borib davolanadi, chunki tibbiy xizmat vatanda juda qimmat.

“Amerikaliklar eng ko’p boradigan o’lka bu qo’shni Meksika. Yaqin. Amerikaliklar o’zini u qadar begona deb bilmaydi. Asosiy sabab esa rakka qarshi muolaja”, - deydi Robert Reyj.

Ko’plab amerikaliklar plastik jarrohlik, tish bilan bog’liq operatsiya, oshqozon va ortopedik amaliyotlar uchun xorijga borib keladi. Syuzi Pozo o’z boshidan kechirganlarini bizga aytib berdi.

“88 kilo edim. Tinimsiz kasal bo’lardim. Amerikada davolanish juda qimmat. Puerto Riko bor deyishganida, qo’rqdim. Xavfli joydek tuyuldi. To’rt yil oldin chetga borishga ahd qildim. Meksikaga yo’l oldim. Oshqozonimni Puerto Vallarta degan kasalxonada operatsiya qilishdi”, - deydi Pozo.

AQSh Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazining ogohlantirishicha, arzon muolajaning sifati ham past bo’lishi mumkin. Tavakkal qilish tahdidga yetaklashi mumkin. “MedRepublic” singari firmalar bemorni shifokor va kasalxona bilan bog’layotganida sifat me’yorlariga jiddiy e’tibor beradi. Lekin har qanday operatsiyada xavf bor.

“Muhimi zarur ma’lumotga ega bo’lish. Bemorga bor gap aytilishi, tahdid darajasi haqida oshkora ma’lumot berilishi kerak. Sifat qay darajada ekanini bemor oldindan bilishi shart deb hisoblaymiz”, - deydi Robert Reyj.