Texnologiya iqtisodiyotni qanchalik o’zgartirmoqda va rivojlanayotgan mamlakatlarda uning ta’siri qanday bo’ladi? Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Fondining Vashingtondagi yillik yig’inida shu masalalar yuqori o’rinda.
Robotlar bir paytlar afsona edi. Bugun ular zavod-fabrikalarda ishchilar o’rnini egallagan. Stanoklar endi aqlli. Odam bilan teng. Hatto undan tezroq, yaxshiroq va arzonroq. Yangi sharoitga ko’nikish kerak, deydi Jahon Banki rahbari Jim Yong Kim.
“Texnologiya juda tez takomillashmoqda. Taxminimizcha, rivojlanayotgan mamlakatlarda ish o’rnining uchdan ikki qismi yaqin kelajakda robotlar zimmasiga o’tadi”, - deydi Kim.
Millionlab mehnatkashlar ishsiz qoladi. Qo’l telefonlari singari mahsulotlarni ishlab chiqarishda hozirda inson mehnati muhim. Sanoatlar tezlikda ilg’or texnologiyaga o’tar ekan, aholini ish bilan ta’minlash har bir hukumat uchun yanada qiyinlashishi muqarrar. Bir tomondan texnologiya hamma uchun ulkan yutuq, ikkinchi tomondan esa sinov va mashaqqat, deydi Diana Lim, global biznes tadqiqot markazi mutaxassisi.
“Ayrim davlatlar texnologiyani o’zlashtirishga shoshmasligi mumkin. Keling, bizga ishlang, deya imkoniyatlar taklif qilishi mumkin. Boshqalar esa faqat texnologiya tomon intilib, odamlar uchun boshqa yo’llar topadi. Global iqtisodiy manzara yangilanadi”, - deydi Lim.
Jahon Banki nazarida esa e’tiborni notinch o’lkalarga qaratish kerak. Qochqinlar bilan bog’liq inqirozga barham berish zarur, deydi ekspertlar.
60 milliondan oshiq odam bugun qochqin. Tirikchilik og’ir.
“Ishlab chiqarishni robotlashtirish zamonida hamma ishlar texnologiya zimmasiga o’tadi deb o’ylash xato. Xizmat ko’rsatish sohasida yangidan yangi ishlar paydo bo’layapti. Insoniyat baribir insoniyatga tayanadi. Bir-birimizga kerakmiz. Tugma bosishmi yoki boshqa vazifa. Ish topiladi hammaga”, - deydi Diana Lim.
Avtomatika to’xtamaydi va an’anaviy ish o’rinlari yo’qoladi, bu aniq, deydi Jahon Banki rahbari Jim Yong Kim.
“Har bir davlat uchun qay sohaga qanday va qancha sarmoya kiritish ustidan qattiq o’ylash payti keldi. Oldingidek, davom eta olmaymiz. Iqtisodiyot tubdan o’zgarishi kutilmoqda”, - deydi Kim.
AQSh, dunyoning eng yirik iqtisodiy tizimi, robotlashtirish jarayoniga moslasha boshlagan. Ishlab chiqarish sohasida mehnat o’rinlari qayta tiklanmaydi. Yangicha ishlar kerak.