AQShning BMTdagi elchisi dangal gapirib tanilgan siyosatchi

  • Amerika Ovozi

45 yoshida Nikki Xeyli kelajagi porloq arbobdek ko'rinadi

Prezident Donald Tramp BMTga elchi sifatida diplomatik tajriba va bilimga ega bo’lmagan mahalliy siyosatchini tanladi. Nikki Xeyli, Tramp nazarida, har qanday murakkab vazifani eplay oladigan, uddaburo arbob.

Xeyli Janubiy Karolina shtatiga gubernatorlik qilgan. BMTda bu yil ish boshlaganida hammani o’ziga qaratdi.

“Maqsadimiz – qudratimizni BMTda ko’rsatish. Nimaga qodir ekanimizni, qarashlarimizni, siyosiy pozitsiyamizni namoyish etish. Ittifoqchilarimizni qo’llab-quvvatlash. Ular ham bizni quvvatlashini ta’minlash. Biz tomonda bo’lmaganlarga gapimiz shuki: kimligingizni bilamiz va tegishli chora ko’ramiz”, - dedi AQShning yangi elchisi.

Xeyli hammani ogohlantirishga usta.

“Rossiya va Xitoy bugun aql bovar qilmaydigan, asoslab bo’lmaydigan qaror qildi. Bashar al-Assadni kimyoviy qurollar qo’llagani uchun javobgarlikka tortishga qarshi ovoz berdi. Janubiy Sudan xalqi uchun qayg’ursangiz, bu mamlakat hukumatiga uning qora ishlariga toqat qilmasligimizni ko’rsatishimiz kerak. Yevropa oldida jiddiy sinovlar. Rossiya Ukrainani beqarorlashtirish harakatini to’xtatmagan. Ukraina suvereniteti va hududiy birligi tahdid ostida”, - deya bong uradi Xeyli.

Nikki Xeyli BMTda, Nyu-York

Elchi, shuningdek, AQSh Isroilni so’zsiz qo’llab-quvvatlaydi, deya qayd etmoqda.

“Qo’shma Shtatlarning Isroilga har tomonlama madadi mustahkam va to’xtovsiz. AQSh BMTda Isroilga nisbatan salbiy qarashlarga qarshi turadi”.

AQSh tashkilotga kamroq moliya ajratishga qaror qilgan. Elchining vazifasi bu qarorni tushuntirish.

Xeyli Prezident Tramp bilan boshida uncha kelisholmagan edi. Uni hatto prezidentlikka loyiq odam deb ham bilmagan edi.

“Xeyli ishini qoyilmaqom qilib bajarmoqda”, - deydi prezident.

Suriya rahbari Bashar al-Assad o'z xalqining qotili, deydi AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli

Boshqalar nazarida esa Xeyli ishi bilan emas, gapi bilan tanilmoqda.

“Xeyli ba’zida ko’proq piar bilan mashg’uldek, aslida g’ayratini ishiga sarflashi kerak. BMTdagi diplomatiyamizni u hali tubdan o’zgartirgani yo’q. Lekin AQSh tashqi siyosatini bayon etishda, shunday bir qiyin davrda, baralla gapirmoqda”, - deydi tahlilchi Richard Govan.

Nikki Xeyli Janubiy Karolina shtatida qishloq joyda tug’ilib, katta bo’lgan. Hindistonlik muhojirlar farzandi. Hisobchilik qilgan. Shtat siyosatida jonbozlik ko’rsatib, 2010-yilda 38 yoshida gubernatorlikka saylangan.

2015-yilda Janubiy Karolinada 21 yoshli oq tanli yigit qora tanlilar cherkoviga qurol bilan kirib, to’qqiz kishini otib o’ldirgan edi. Bu fojiadan keyingi murakkab vaziyat Xeylini dunyoga tanitdi.

Irqchi yigit konfederatsiya bayrog’iga sig’ingan. Bu bayroq esa shtatda man etilmagan edi. Gubernator xonim uni olib tashlash kerak, deya targ’ib qildi.

Nikki Xeyli boshida Trampni prezidentlikka loyiq odam deb hisoblamagan

BMTga elchilikka ko’rsatilganida Xeyli diplomatiya nima ekanini bilmaydi deya tanqid qilishgan. Bob Oldendik singari ekspertlar fikricha esa, siyosiy malakaga ega odamlarni baholashga shoshmaslik kerak.

“Uni yaxshi bilmaganlar xato qiladi. Xeyli effektiv arbob ekanini qayta-qayta isbotlagan. Muzokara qilishga usta. Shtatida ish joylarini ko’paytirish va Janubiy Karolina manfaatlari uchun kurashda hech kim uningchalik muvaffaqiyatga erishmagan”, - deydi ekspert.

Nikki Xeyli siyosiy maydonda o’z o’rnini topib bo’lgan. 45 yoshida kelajagi porloq ko’rinadi. Davlat kotibi, senator yoki hatto prezidentlikka intilishi mumkin.