Chet eldan Amerikaga kelib o’qish uchun hujjat topshirayotganlarning soni kamaygan, biroq Kaliforniya universiteti singari yirik oliygohlarga borsangiz, qiziqish pasaymaganiga guvoh bo’lasiz.
Kaliforniya universiteti odatda mahalliy yoshlarga joy berib, avvalo ularni qabul qilishga harakat qiladi. Xorijiy va boshqa shtatdan kelganlar ikkinchi o’rinda.
Biroq chet elliklar o’qish uchun ko’proq haq to’laydi. Demak, ular yirik daromad manbai. Ularni xushlamay iloj yo’q.
“Mahalliy yoshlarni qabul qilsangiz, ularga arzonroq bilim taklif qilasiz. Stipendiya beraman desangiz, mablag’ topish kerak. Har qanday universitet qo’shimcha moliya manbalariga ega bo’lishni istaydi. Xorijlik talabalarga eshik shu bois keng ochiq”, - deydi Jon Uells, Arkadiya universiteti rasmiysi.
Kaliforniya universiteti, boshqa oliygohlar kabi, dunyo bo’ylab o’zini reklama qiladi.
Hukumat viza berishni cheklashga urinayotgani ishning beliga tepmoqda. Amerikaga borish nihoyatda qiyin, degan fikr shakllangan. Bu xavotirda jon bor. Qabul qilinish viza olasiz degani emas.
“Kanada va Avstraliyaga ketayotganlar ko’p. Biroq Amerikaga qiziqish hamon yuqori”, - deydi Iqbol Ahmad, hind mutaxassis.
AQSh har yili minglab chet ellik talabani qabul qiladi.
“Osiyolik talabalar va domlalar bo’lmasa, bizning matematika fakultetimiz ishlay olmagan bo’lardi. Xodimlarning, studentlarning aksariyati xorijliklar”, - deydi Karin Li, Mississippi universitetidan.
Amerikada o’qishni bitirganlar kelajakdan umidvor.
“Jahonning har burchagidan kelishadi. Bu yerda bilim olish butun dunyo bo’ylab do’st orttirish imkoniyatini beradi”, - deydi xorijlik talabalardan biri.
Amerika yoshlari uchun ayni muddao.
“O’qishga borsangiz, kursdoshlaringiz butun dunyodan. Biznes qilmoqchimisiz, yangi kompaniya ochmoqchimisiz – hamma birga o’rganadi, shu paytdanoq hamkorlik shakllanadi”, - deydi mahalliy yoshlardan biri.
Morgan Davlat universiteti rasmiysi Aljin Al-Husayn Sudandan.
“Bu diyor hamma uchun ochiq, boshidan shunday. Eplolsangiz, kelasiz”.
Davlat universitetimi yoki xususiy, ilm izlagan odamga, talablarga javob bera olgan odamga eshik yopishmaydi. Tirishqoq bo’ling, yiqilsangiz, yana harakat qiling, deya maslahat beradi murabbiylar.