YUNISEF roxinjaliklarga gumanitar yordam yetkazmoqda

  • Amerika Ovozi

BMTning Bolalar jamg’armasiga ko’ra, Myanma g’arbidagi Rakxayn shtatidan qo’shni Bangladeshga qochgan roxinjaliklarga gumanitar yordam yetkazilmoqda.

YUNISEF ichimlik suvi, sanitariya jihozlari, kiyim-kechak va boshqa narsalar yuborgan. Yaqin kunlarda yana yuk jo’natilishi kutilmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Myanma hukumatini roxinjaliklarga qarshi harbiy kampaniyani bas qilishga, ularning mamlakatga qaytishini kafolatlashga chaqirmoqda.

Xalqaro hamjamiyat Myanma siyosiy rahbari Au San Su Chini zo’ravonliklarni to’xtatishga ojizlik qilayotganlikda ayblamoqda. Arbob BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi yillik sessiyasiga bormasligini ma’lum qildi.

AQSh Senatida ko’pchilik sardori Mitch Makkonelning aytishicha, Au San Su Chini ayblash bilan islohotlarni amalga oshirib bo’lmaydi.

“Kechagina u bilan telefonda gaplashdim. Oldin qanday bo’lgan bo’lsa, hozir ham o’zgarmagan. Uning hukumatdagi rasmiy lavozimi davlat maslahatchisi. Hukumatining harbiylarga so’zi o’tmaydi. Birma Konstitutsiyasiga ko’ra, armiya muxtor ravishda faoliyat yuritadi, roxinjaliklar masalasi armiya qo’lida. Au San Su Chi ularga buyruq bera olmaydi, konstitutsiya unga bu narsaga ruxsat bermaydi. Unga qarshi ayblovlar asossiz”, - deydi AQSh qonunchisi.

Makkonelning aytishicha, Au San Su Chi gumanitar yordamning muhtojlarga yetib borishini ta’minlashga harakat qilmoqda.