AQSh Davlat departamentiga ko'ra, Stokgolmda asoslangan "Telia", sobiq "Teliasonera" telekommunikatsiya kompaniyasi O'zbekiston bilan bog'liq pora ishi uchun qariyb 1 milliard dollar jarima to'laydi. Bir necha yillik muzokara shunday murosa bilan yakun topgan.
O'zbekistonning oldingi prezidenti, marhum Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova "Teliasonera" qatori yana bir necha kompaniyalardan respublikada biznes uchun sharoit yaratib berishni va'da qilib, pora olganlikda gumon qilinadi.
Xalqaro tekshiruv hali tugamagan. Yevropaning bir necha davlatlari Karimovani so'roq qilishni istaydi. Biroq u vatanda uy qamog'ida ekani, sud uni korrupsiyada aybdor deb topib, ozodlikdan mahrum etgani aytiladi.
AQSh rasmiylarining qayd etishicha, "Telia" pora berganini tan olib, Adliya vazirligi bilan shunday kelishuvga erishgan. Kompaniyaning aksiyalari Nyu-Yorkdagi birjalarda sotiladi va pora sifatida berilgan mablag' AQSh moliyaviy tizimlaridan o'tgan, ya'ni sistema qora maqsadlar yo'lida foydalanilgan. Adliya vazirligi kompaniyani shu bois jazolamoqda.
Undan oldin MTS va "Vimpelcom" kompaniyalari ham shunday murosaga erishib, yuzlab million jarima to'lagan.
965 million dollarning 548,6 millioni jinoiy jazo bo'lib, AQSh va Gollandiya orasida bo'linadi. Gollandiyadagi tekchiruv hali tinmagan.
460 million dollar esa daromad va foiz uchun olinadi, deya bildiradi Adliya vazirligi.
AQSh tergov hujjatlariga ko'ra, "Telia" 2007-2010 yillarda O'zbekistonning yuqori lavozimli rasmiysiga (bu shaxs #GulnoraKarimova) 330 million dollar miqdorida pora uzatgan. Shvetsiyada ham bu ish yuzasidan tekshiruv to'xtamagan.
O'zbekiston va AQSh Gulnora Karimovaning mulki deya muzlatilgan boylikni vatanga qaytarish ustida muzokara boshlagan. O'zbekiston hukumati Islom Karimov tiriklik paytida Nyu-Yorkdan nufuzli advokaturani yollab, muzlatilgan bank hisoblaridagi pul va musodara qilingan mulk xalqniki, degan da'vo bilan chiqqan. Tomonlar kelishuvdan yiroq.