AQSh insonparvarlik yordamlarini ko'rsatishga dunyodagi yetakchilik rolini saqlab qoladi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Jon Sallivan gapirdi.
"Insonparvarlik yordamining ahamiyatini va zaruratini yaxshi tushunamiz. Urushdan, tabiiy ofatdan yoki hukumatning o'z ishini yaxshi bajara olmasligi natijasida aziyat chekkanlarga ko'mak ko'rsatish orqali biz kelajak avlodlarga farovonroq va tinchroq dunyoni yaratish imkoniyatini asrab qolamiz", - dedi u.
AQSh insonparvarlik yordami ko'rsatishda dunyoning eng katta donor mamlakati hisoblanadi. 2017-yilda jahon bo'ylab 8 milliard dollardan ziyod qiymatdagi ko'mak ko'rsatilgan.
Gumanitar yordamga ehtiyoj esa borgan sari oshib bormoqda. 10 yil oldin bu kabi yordamlarning 80 foizi tabiiy ofatdan aziyat chekkanlarga berilgan bo'lsa, hozir bu turdagi ko'mak jami yordamning 20 foizini tashkil etadi, xolos. 80 foizi odamlar qo'li bilan yuzaga kelgan ofat jabrdiydalariga berilmoqda. Liviya, Suriya, Iroq va Yaman kabi davlatlardagi fuqarolik urushlari, terror xurujlari millionlab insonlar hayotini parokanda qildi.
Shunisi aniqki, deydi AQSh rasmiysi, bu muammolarni bir davlat yoki tashkilotning yolg'iz o'zi hal qila olmaydi.
"Gumanitar yetakchilikni davom ettirar ekanmiz, o'zaro uyushgan, samarali xalqaro choralarning ahamiyatiga e'tibor qaratishni ham davom ettiramiz. Boshqa hukumatlar, xususiy sektor vakillari ham insonparvarlik ishlariga hissa qo'shishi lozim", - deydi Sallivan.
"Bir necha davlat va guruhlarning moliyaviy ko'makni oshirishi yordamga muhtoj ko'plab odamlarga chiqa olishimiz uchun, dunyo bo'ylab mintaqaviy barqarorlikka erishishimiz uchun muhim", - deya qo'shimcha qildi AQSh rasmiysi.
Diplomat nazarida, gumanitar inqirozlarni hal qilish uchun diplomatik yechim topish muhim. Buning uchun esa xalqaro hamjamiyat o'zaro hamkorlikda ishlashi kerak, deydi u.