AQShning birinchi xonimi Melaniya Tramp yaqinda ilk tashabbus bilan chiqib, bolalar salomatligi bilan bog’liq muammolarga e’tibor qaratishini aytdi. Prezident Donald Tramp atrofida saylanganidan buyon turli mashmashalar, ammo Melaniya panada yurgan edi. Uning xalq orasidagi reytingi turmush o’rtog’idan ko’ra balandroq.
Your browser doesn’t support HTML5
“Onalar har kuni, har soniya ulug’lanishi kerak”, - deydi birinchi xonim Melaniya Tramp.
Oq uyda harbiy onalar va rafiqalarni qutlash marosimida birinchi xonim onalik baxti haqida so’zladi, harbiylarni voyaga yetkazgan oilalarga rahmat aytdi.
Uning “Eng zo’ri bo’l” deb nomlangan yangi tashabbusi bolalar salomatligi, ularni kiber ta’qiblardan himoya qilishga qaratilgan. Lekin Melaniya ishni avvalo turmush o’rtog’ini Tvitterdan tiyib olishdan boshlashi kerak, degan kesatiqlar tezda tarqaldi.
Mart oyida Tramp xonim informatsion texnologiya kompaniyalari rahbarlari bilan bir davrada o’tirib, kiber tajovuzlarga qarshi kurash haqida gaplashgan. Buni muhim mavzu deb biladi.
Inauguratsiyadan buyon soyada yurib, asosan 12 yoshli o’g’li Barronning tarbiyasiga o’zini ba’gishlab kelayotgan Melaniya, ayrimlar nazarida, nimaga qodirligini ko’rsatishga tayyor.
Mira Gutin prezident rafiqalari, ularning jamiyatdagi roli haqida kitob yozgan.
“Melaniya o’zidan oldingi birinchi xonimlardan farqli o’laroq siyosatda pishmagan. Inauguratsiyadan bir necha oy o’tib Vashingtonga ko’chib keldi. Bu yerdagi muhitga moslashish uchun biroz vaqt ketdi, endi u tayyor”, - deydi Gutin.
Tramp xonim yaqinda Texasda Barbara Bushning dafn marosimida Oq uy nomidan qatnashdi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron sharafiga yozilgan dasturxon va kechani did bilan tashkillashtirgani unga maqtovlar keltirdi.
Lekin Oq uyda deyarli har kuni mashmasha. Bularning so’nggisi – Prezident Trampning sobiq fohisha Stormi Daniels va sobiq model Karen Makdugal bilan don olishgani va buni yashirgani bilan bog’liq.
“Bunday janjallarni hazm qilish o’zimas. Hayot zarbalaridan mardona o’tmoqda”, - deydi Mira Gutin.
Sloveniniyaning Sevnika shaharchasida o’sgan 48 yoshli Melaniya 1996-yilda Nyu-Yorkka kelgunga qadar Milan, Parijda modellik qilgan. 2005-yilda Donald Tramp bilan turmush qurgan. AQShning xorijda tug’ilgan birinchi xonimi uchrayotgan qiyinchiliklar boshqalarnikiga o’xshamaydi.
“Ingliz tilida ravon gapirsa-da, ona tili emas. Unga oson tutib bo’lmaydi”, - deydi suhbatdosh.
Sinovlarga qaramasdan, deydi kitob muallifi, Melaniya Tramp o’zidan oldingi birinchi xonimlar kabi imkoniyatlarga ega. O’zi kabi muhojirlarni, bu mamlakatda yangi hayot boshlash nimaligini tushunadi.
Har bir birinchi xonim o’ziga xos. Ba’zilari jamoatchilik ishlarida faol. Mira Gutin deydiki, Tramp xonim ham o’z yo’lini topadi.