Respublikachi senator: O'zbekiston diniy erkinlik bobida hali ham "alohida xavotirga molik davlat"

  • Amerika Ovozi

Respublikachi senator Rojer Uiker diniy erkinlik targ'ibotini kuchaytirish tarafdori

Bu hafta AQSh Kongressida olg'a surilgan rezolyutsiyada O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog'iston, Ozarbayjon, Turkiya va Rossiya tanqid qilinib, Tramp ma'muriyatidan bu davlatlar bilan hamkorlikni cheklash talab qilinadi.

Rezolyutsiya muallifi respublikachi senator Rojer Uiker deydiki, bu mamlakatlarda e'tiqod erkinligi va inson huquqlari bilan bog'liq ahvol hamon og'ir va hukumatlar qanchalik inkor etmasin, vaziyat Amerikadek diniy hurlik targ'ibotchisini jiddiy o'ylantirishi kerak.

Shu bois ham, deyiladi rezolyutsiyada, Tokiston, Turkmanison va O'zbekiston "alohida xavotirga molik" degan maqomda qolishi va qonuniy talablarga ko'ra, aloqalar cheklanishi lozim.

O'zbekiston hukumati, xususan, bu statusga qarshi va respublikada oxirgi ikki yil ichida diniy erkinlik bobida qator ijobiy o'zgarishlar qilinganini eslatadi. Jumladan, deydi rasmiylar, yuzlab mahbuslar afv etildi, qamoqdan ozod etildi va bu jarayon davom etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni-kecha yana 200 dan ziyod mahbusni afv etish haqida farmon chiqargan. Inson huquqlari faollari bu boradagi ishlar tezlashganini tan oladi.

Lekin aynan taqvodorligi uchun panjara ortiga tashlangan minglab odam taqdiri qayta ko'rib chiqilishi kerak, degan talab kuchli.

Faollar, shuningdek, diniy liboslarga bo'lgan cheklovlar ham olib tashlanayotganini kuzatadi. Boshini o'ragan xotin-qizlar oldingidek bosim ostida emas, deydi ular, hatto rasmiy tadbirlarda ham bemalol qatnashishi mumkin. Biroq mamlakat miqyosida bu o'zgarishlar sekin va tashqaridan qaraganda ko'zga tashlanmaydi.

Ekspertlarga ko'ra, hukumat bu borada qilinayotgan islohotlarni kengaytirishi va ular haqida xalqqa va xalqaro hamjamiyatga ko'proq ma'lumot berishi lozim.

Senator Uikerning ta'kidlashicha, Prezident Tramp e'tiqod erkinligini qadrlashni va'da qilgan, nafaqat Amerikada, balki dunyo bo'ylab.

"Hukumatlar vaziyatni yaxshilashi kerak. Shunday qadamlar qo'yilganida, masalan, O'zbekiston hozir shu yo'ldan bormoqda, biz ularni quvvatlaymiz va ko'maklashamiz", - deydi senator.

Rezolyutsiyada AQShning E'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus elchisidan O'zbekiston bilan yaqindan ishlash so'raladi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-O'zbekiston: E'tiqod erkinligi