Ayrim vyetnamliklar AQShdan deportatsiya qilinishi mumkin

Prezident Donald Tramp ma’muriyatiga ko'ra, minglab vyetnamliklar deportatsiya qilinishga loyiq. Lekin bu 2008-yilda AQSh va Vyetnam imzolagan kelishuvga zid bo'lishi mumkin. Shunga qaramay, ko’plab vyetnamliklar taqdiri mavhumligicha qolmoqda.

Robert Hyun AQShga kelishi bilan olamdan o’tgan akasini xotirlarkan, ko’ziga yosh keladi. U o’z taqdiri va 80 yoshli onasidan xavotirda.

“Onamni o’z qo’lim bilan tuproqqa qo’yolmayman deb qo’rqaman”, - deydi u.

Robertning otasi afro-amerikalik. U 1984-yilda Vyetnam urushidan so’ng AQShga oilaviy kelgan. Hozir 49 yoshda. Texasning Xyuston shahrida yashaydi. U kun kelib Vyetnamga, Amerika askarlari farzandlarini xushlamaydigan davlatga qaytishni xayoliga ham keltirmagan.

2003-yilda giyohvandlik bilan uch yilga qamalgan. Ozodlikka chiqqandan so’ng AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) yana olti oy ushlab turdi.

“Amerika fuqarosi bo’lmagan odam jinoyat qilib qo’ysa, deport qilinishini bilmaganman. Hech kim aytmagan. AQSh hukumati amerikalikning bolasini mamalakatdan chiqarib yuborayotganiga ishongim kelmaydi”, - deydi u.

Robert deportatsiyaga oid 2008-yilgi kelishuvga ishongan edi. Unda 1995-yildan keyin AQShga kelgan vyetnamliklargina deport qilinishi mumkinligi aytilgan.

“AQShga 1995-yilgacha kelgan vyetnamliklarga bu kelishuvning daxli yo’q”, - deydi AQShning Vyetnamdagi elchisi Daniel Kritenbrink.

AQSh hukumati martdan beri vyetnamlik muhojirlar bilan jiddiy shug’ullanmoqda. Ayniqsa, jinoyatga qo’l urganlar nishonga olingan.

Robertni Immigratsiya va bojxona xizmati bir yildan ortiq ushlab turdi.

“Qachon qo’yib yuborishlarini bilmay o'tirdim. AQShda qolamanmi, yo’qmi, buni ham bilmayman. Zulmatda qoldim”, - deydi u.

Robertning advokati uni 7-mart kuni olib chiqdi. Lekin har soniyada qayta olib ketishlari mumkin deya ogohlantirdi.

Tramp ma’muriyati deportatsiya qilinganlarni qabul qilishni istamayotgan Vyetnamni “gapga tushunmas qaysar” deb atadi.

“O’g’limni deportatsiya qilishlari mumkin emas. U amerikalik, otasining rasmiga qarang, u amerikalik-ku”, - deydi Robertning 80 yoshli onasi.

Robert Hyun haydalishga loyiq deb topilgan 8600 vyetnamliklardan biri. Ular istalgan payt mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.