Faryobda toliblarga qarshi jang qilib kelayotgan Qaysor tumani politsiya boshlig’i, general Abdul Rashid Do’stumning ushbu viloyat uchun maxsus vakili Nizomiddin Qaysoriy hukumat kuchlari tomonidan qo’lga olingach, uni himoya qilib minglab odam ko’chaga chiqdi.
Faryob, Sari pul, Juzjon, Taxor, Samangon kabi viloyatlarda minglab odamlar norozilik namoyishi uyushtirgan. Ko’chaga chiqqan odamlar Qaysor tumani politsiyasi boshlig’i darhol ozod etilishini talab qilmoqda.
Faryobda zo’ravonlikka aylangan namoyishlarda bir kishi o’z hayotini yo’qotgan. Yana yetti nafari yaralangan.
“Biz Nizomiddin Qaysoriyning ozod etilishi uchun yig’ilganmiz. U vatan xizmatchisi. Agar Qaysoriy qo’yib yuborilmasa, biz norozilik namoyishimizni davom ettiramiz”,- deydi Zabihullah ismli yigit.
Faryob viloyatida yuzlab harbiyga rahbarlik qilayotgan Nizomiddin Qaysoriy 2-iyul kuni harbiylar tomonidan qo’lga olingan edi.
Rasmiylarga ko’ra, Qaysoriy armiya qo’mondonlari bilan til tortishib, harbiy boshliqlardan birining ustiga qo’l ko’targan. O’rtada otishma yuz bergan va harbiylar Nizomiddin Qaysoriyni ushlab, Kobulga olib borgan. Otishmada bir necha harbiy va Qaysoriyning qo’riqchilari jon bergan.
“DAISh va Tolibonga qarshi jang qilayotgan Faryobning qahramon yigitini nega ushlab olib ketadi?” - deydi namoyishchilardan biri.
“Milliy Junbish” partiyasi tarafdorlari bo’lgan norozi namoyishchilar hukumatni fitna boshlaganlikda ayblamoqda. Ular markaziy hukumat shimoliy viloyatlar tinchini buzish uchun bel bog’lagan deya iddao qiladi.
“Xalqni himoya qilib, tolib va DAISh qarshisida ko’ksini qalqon qilib turgan yigitlardan edi. Biz hukumat Nizomiddin Qaysoriyini ozod etishini so’raymiz”,- deydi Muhammad Is’hoq.
Ikki kundan beri e’tirozlar davom etar ekan, odamlar ularning istaklariga ijobiy javob qaytarilmagunga qadar o’z namoyishlarini davom ettirishi haqida ogohlantirmoqda.
Hukumat Nizomiddin Qaysoriy siyosiy ziddiyat uchun emas, qonun yuzasidan qo’lga olinganini ta’kidlamoqda.