Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Afg'onistondagi tinchlik jarayonini muhokama qilish uchun ikki kunlik ulamolar anjumani ish boshladi. Yig'inda Afg'onistondagi urush va Tolibon bilan muloqot boshlash masalalari muhokama qilinadi.
Anjuman boshlanishidan bir necha soat oldin Tolibon bayonot chiqarib, guruh faoliyati "amerikalik bosqinchilar"ga qarshi jihod deb tan olinmaguncha u ulamolar xulosasini tan olmasligini bildirdi.
Isyonchi guruhga ko'ra, qurolli kurash afg'onlar yoki musulmonlar orasida bo'lmayapti; aksincha, 2001-yilda boshlangan AQSh bosqiniga qarshi olib borilmoqda.
Tolibon, shuningdek, Saudiya rasmiylari va olimlarni "Amerika bosqinchilari"ga yon bosmaslikka undadi.
Tolibon ayni paytda Afg'oniston hududining 70 foizini o'z nazorati ostida saqlayotganini va mamlakatda mustaqil islomiy tizim o'rnatilmaguncha kurashni davom ettirishini da'vo qiladi.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibonni hech qanday shartlarsiz tinchlik muloqoti boshlashga taklif qilgan. Rasmiy Kobul hayit munosabati bilan vaqtinchalik sulh ham e'lon qilgan edi.
Bunga javoban Tolibon ham bayram kunlari o'z sulhini e'lon qildi, ammo uni davom ettirish haqidagi da'vatlarni rad etdi. Shundan beri Tolibon hujumlarga yanada zo'r berib, yangi hududlarni o'z nazorati ostiga olishga urinmoqda.
Tolibon "qo'g'irchoq" afg'on hukumatidan mustaqil ravishda AQSh bilan to'g'ridan to'g'ri muloqot o'tkazishni talab qiladi.
Afg'oniston Oliy tinchlik kengashi raisi o'rinbosari Abdurahmon Salimning aytishicha, Jiddada bo'lib o'tayotgan konferensiyada 110 mamlakat olimlari ishtirok etmoqda.
"Anjuman yakunida Makkai Mukarrama nomi ostida bayonot e'lon qilinadi", - deya qo'shimcha qildi u.
Tolibon bo'yicha tahlilchi Vohid Mujda yig'inning samarali yakunlanishiga shubha qiladi.
"Tolibon bu konferensiya natijasini qabul qilmaydi. Tolibon hokimiyatda bo'lgan paytda ular "Al-Qoida" yetakchisi Usoma bin Ladenni ekstraditsiya qilish bo'yicha Saudiya Arabistoni talabini doimiy rad etib kelgan", - deydi u.
Uning qo'shimcha qilishicha, Saudiya Arabistoni konferensiyaga Tolibonni ham taklif qilishi va guruh talablari hamma bilan birgalikda muhokama qilinishi kerak edi. Bir tomonlama muloqot samarali natija bermaydi, deydi u.