AQShga kelib ota-onasidan ajralib qolayotgan bolalarga yordam

  • Amerika Ovozi

AQSh-Meksika chegarasida bo’linib qolayotgan muhojir oilalar farzandlarini topish uchun kurashda davom etarkan, Merilend shtatidagi notijorat tashkilotlardan biri ularga yordam qo'lini cho'zmoqda. Bu bolalar Amerika bo’ylab maxsus boshpanalarga tarqatib yuborilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Chegarada ota-onasidan ayrilgan bolalarga yordam

​Ko’ngillilar bolalar uchun kitoblar, o’yinchoqlar, shampun, tish pastalarini yig’ib qo’ygan.

Bu buyumlar Texas, Florida, Nyu-York va Virjiniya tomonlardagi AQSh-Meksika chegarasini kesib o’tgan va maxsus boshpanalarda saqlanayotgan bolalarga yuboriladi.

“Bu bolalar ilojsizlikdan Amerikaga kelgan, bizga muhtoj. Shuning uchun ham yordam qo’lini cho’zishga qaror qildik”, - deydi “Comfort Cases” tashkiloti rahbari Rob Skir.

U xayriya ishlarini 2013-yilda boshlagan edi. Rob Skirning o’zi ham yetimlikni boshdan kechirgan.

Texas shtati chegarasida muhojir bolalar ota-onasidan ajralib qolganini eshitishi bilan atrofiga ko’ngillilarni to’plab ishga kirishdi.

“Bu bolalar, ularning ona-onasi nima his qilayotganini, nega chegarani kesib o’tib, nega Amerikaga kelganini bilmayman. Lekin bir narsa aniqki, ilojsizlikdan hammasi. Ular bizga muhtoj”, - deydi u.

Ota-onasidan ajralib qolgan bolalar uchun alohida sumkalar tayyorlangan.

“Bir ayol muhojir bolalarga deb minglab o’yinchoqlar xayriya qildi. Ispancha, inglizcha kitoblar bilan birga shu o’yinchoqlarni ham sumkalarga joylayapmiz”, - deydi ko’ngillilardan biri Marli Abramovits.

Ko’ngillilar orasida maktab o’quvchilari ham bor. Ulardan biri Brennan Dunnining aytishicha, bolalar yaqinlaridan ajratilmasligi kerak.

“Chegaradagi ahvolning oldi olinsa bo’lardi. Endi bolalar qaerdayu, ularning ota-onasi qaerda?! Har bir bolaning yaqinlarini topishning o’zi ham katta ish hali. Chidab bo’lmas holat”, - deydi u.

Tramp ma’muriyati ota-onasidan ajralib qolgan 25 ming muhojir bolani qaytarib yuborishga qat’iy kirishgan ekan, bu ko’ngillilarning hali qiladigan ishlari ko’p.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda ota-onasidan ajratib olinayotgan muhojir bolalarfa yordam