General Do’stum qariyb ikki yildan so’ng ishxonasiga qaytdi

Prezident saroyiga ko'ra, muloqotda mamlakatdagi vaziyat bo’yicha fikr almashilgan

Afg’oniston Vitse-prezidenti Abdul Rashid Do’stum 14 oylik kelishmovchilikdan so’ng Prezident Muhammad Ashraf G’ani bilan uchrashdi.

General Do’stum o'tgan yili Turkiyaga ketgan edi. Ba'zilar uni davolanish uchun ketgan desa, ayrim rasmiylar uning quvg’in qilinganini tasdiqlagan edi.

Shimoliy viloyatlardagi hukumatga qarshi 20 kunlik norozi namoyishlar natijasida Do’stumning vatanga qaytish imkoni yaratildi. U 23-iyul kuni Kobulga yetib keldi va bir hafta o'tib, prezident bilan uchrashishga muvaffaq bo’ldi.

Prezident saroyiga ko'ra, muloqotda mamlakatdagi vaziyat bo’yicha fikr almashilgan.

Lekin vitse-prezident idorasi Do’stumning G’ani bilan o’tgan uchrashuvida hibsdagi mahalliy o’zbek qo’mondoni Nizomiddin Qaysoriyning ozod etilishi bo’yicha ham so’zlashilganini aytmoqda.

Qaysoriy 2-iyul kuni harbiylar tomonidan ushlab olingan edi. Armiya boshliqlariga tahdid qilgani uning hibsga olinishiga sababchi deya ko’rsatilmoqda.

Qaysoriyning ushlanishi bilan bir paytda uning ozod etilishini talab qilib o’n minglab odamlar ko’chaga chiqib norozilik namoyishlari qilgan edi.

20 kunlik namoyishlar natijasida general Do’stum vatanga qaytdi, lekin Nizomiddin Qaysoriy hanuz hibsda.

Qariyb ikki yildan beri ishxonasiga bormagan vitse-prezident bugun ishxonasiga qaytdi. U bundan oldin uning vakolatlari prezident G’ani tomonidan tortib olinganidan noliyotgan edi.

Generalning ishxonasiga qaytishi uning vakolatlari qaytarib berilganidan darak deb aytish mumkin.