Kaspiy dengizidan foydalanish bo'yicha xalqaro bitimga erishildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Kaspiy dengiziga tutash besh davlat rahbarlari tabiiy zaxiralarga boy suv manbasidan o'zaro foydalanish bo'yicha kelishuvga erishdi. Kaspiy dengizining huquqiy maqomiga oid bitim 12-avgust kuni Qozog'istonda o'tgan sammitda qabul qilindi. Bundan tashqari, besh davlat yetakchilari savdo va iqtisodiy hamkorlikka oid boshqa bir qator hujjatlarga ham imzo chekdi. Anjuman AQShning yangi sanksiyalari ostida Rossiya va Eron iqtisodiyotlari jiddiy yo'qotishga uchrayotgan bir paytda bo'lib o'tdi.

Kaspiy dengizi Osiyo va Yevropa hududlarini qamrab oladi hamda atrofida besh davlat joylashgan. Bular - Ozarbayjon, Eron, Qozog'iston, Rossiya va Turkmaniston. Dengiz ulkan gaz va neft zaxiralariga ega. Sovet Ittifoqi qulagandan beri dengizga egalik huquqida kelishmovchiliklar mavjudligi bois bu zaxiralarning aksariyati hali qazib olinmagan.

12-avgust kuni besh davlat nihoyat kelishuvga erishilganini e'lon qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bitimni tarixiy voqea deb atadi.

"Bugun barcha davlatlarimiz uchun muhim voqea bo'ldi: Kaspiy dengizi huquqiy maqomiga oid konvensiyaga qo'l qo'yildi. U umumiy merosimiz bo'lgan Kaspiy dengizini asrash va undan qanday foydalanish haqida batafsil qoidalar va majburiyatlar majmuasini o'z ichiga olgan xalqaro bitimdir", - dedi Putin.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy ayrim qoidalarni tilga oldi.

"Kaspiy dengizi Kaspiy davlatlariga tegishli. Harbiy bazalar qurish, ularni xorijiy davlatlarga berish, harbiy kemalar, avianosets va suv osti kemalarini olib kelish, harbiy samolyotlarni ustidan uchirish va hatto boshqa davlatlarga tegishli yuklarni tashish taqiqlanadi", - dedi u.

Neftga boy dengiz tubini bo'lishish masalasida muzokaralar davom etadi. Tomonlar hozircha tinch yo'l bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi.

"Konvensiyani Kaspiy dengizi konstitutsiyasi deyish mumkin. U sohildosh davlatlarning huquqlari va majburiyatlariga oid muammolarni yechib beradi va mintaqa xavfsizligi, barqarorligi hamda farovonligini ta'minlaydi", - dedi Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev.

Sammitda ishtirokchi davlatlar savdo va transport kabi turli iqtisodiy yo'nalishlarda hamorlik qilishga ham kelishib oldi. Rossiya va Eron prezidentlari alohida uchrashib, Suriyadagi urush va Eron yadro dasturining kelajagi haqida fikr almashdi.

"Eron, Rossiya va boshqa davlatlar yadro bitimi doirasida hamkorlikni davom ettiradi", - dedi Ruhoniy.

Har ikki davlat so'nggi kunlarda AQSh kiritgan iqtisodiy sanksiyalardan aziyat chekmoqda.