Oq uy Suriya Prezidenti Bashar Al-Assadni Suriyada kimyoviy qurol qo'llashga qarshi keskin ogohlantirdi. Assad va uning ittifoqdoshlari shimoli-g'arbdagi Idlib viloyatida katta harbiy amaliyot boshlashga tayyorlanmoqda. BMTning Suriya bo'yicha vakili qurbonlar ko'payishining oldini olish uchun urushdagi har ikki tomonni ixtilofga tinch yechim topishga undadi.
Idlibning Muhambal shahri. O't o'chiruvchilar Rossiya havo hujumi natijasida yoqilg'i shohobchasida yuz bergan yong'inni o'chirishga urinmoqda.
"Bugun 11 dan 4 gacha samolyotlar Muhambal shahrini, janubidagi qishloqlarni nishonga oldi", - deydi mahalliy fuqarolardan biri.
Assad hukumati va uning ittifoqchilari Rossiya va Eron kelasi hafta isyonchilar nazoratidagi so'nggi asosiy manzil bo'lgan Idlib viloyatini qayta egallash uchun amaliyot boshlamoqchi. Ular mamlakatni Nusra fronti kabi terrorchi guruhlardan tozalashni da'vo qiladi.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Suriyada yana bir kimyoviy hujum yuz berishini qabul qila olmaydi.
"Prezidentning Eron, Rossiya va Assadga aytayotgan gapi shu: U yoqqa bormang. Biz bunga rozi emasmiz, bu ma'qul ish emas", - dedi Xeyli.
Oq uy matbuot kotibi e'lon qilgan bayonotga ko'ra, agar Damashq yana kimyoviy qurol ishlatsa, AQSh bunga tez va munosib javob qaytaradi. O'tgan yili shunday hodisa yuz berganda Prezident Tramp Suriya harbiy bazasiga havodan zarba berishni buyurgan edi.
Kreml Idlibga hujum "yirik gumanitar xato" bo'lishi haqidagi Tramp da'volarini rad etdi. Rossiyaga ko'ra, Idlibga yashirinib olgan terrorchilar inqirozga diplomatik yechim topish imkoniyatlarini yo'qqa chiqarmoqda.
Suriya bo'yicha BMT vakili AQSh bayonotini olqishladi.
"Avvalo, Prezident Trampning "Twitter"dagi chiqishini olqishlayman, chunki u ehtimoliy gumanitar fojiani keltirib chiqaruvchi jiddiy gumanitar xato va mas'uliyatsiz hujumlar haqida gapirmoqda", - dedi BMT vakili Staffan De Mistura.
Rasmiyga ko'ra, Idlibda 2,9 million odam hayoti xavf ostida. Agar Rossiya va Turkiya tinch yechim topish yo'lini topsa, behisob qon to'kilishlariga olib keluvchi havo hujumlarini to'xtatib qolish mumkin, deydi u. Har ikki davlat ixtilofda qarama-qarshi tomonlarni himoya qiladi.
Shu hafta Tehronda Rossiya, Turkiya va Eron rasmiylari Idlibdagi vaziyatni muhokama qilish uchun uchrashishi rejalangan.