Nyu-Yorkda o'zbekistonliklar "Mustaqillik" futbol turnirini o'tkazdi

Your browser doesn’t support HTML5

Kech tushishi bilan Nyu-York shahri Bruklin tumanidagi "Lazzat" o'zbek taomlari restoranida xo'randalar qatori bir guruh muhojir faollar ham yig'ildi. Avgust oyining oxiri va sentabrning dastlabki haftalarida restoranning bir burchagi o'zbekistonlik faol vatandoshlarning uchrashuv shtabiga aylandi. Ular restoran egasi Malik Ahmedov tashabbusi bilan uyushtirilayotgan "Mustaqillik Kubogi - 2018" futbol turniri tashkiliy guruhining a'zolari.

Ushbu futbol musobaqasi Nyu-Yorkda uchinchi marotaba o'tkazilyapti. O'zbekiston Futbol asotsiatsiyasi vakili San'at Sharipov turnir tamal toshi qanday qo'yilganini yaxshi eslaydi.

"2016-yil Abdumalik Ahmedov bilan birga bu turnirni boshlagandik, asosan, Abdumalik akamning g'oyalari bu. Adashmasam u kishi qo'shni respublika xalqi, qirg'izistonliklar o'tkazgan turnirga borganlarida ta'sirlanganlar. Kelib menga shu turnirga o'zbekcha ovqatlarni olib borib turnirni ko'rganlarida havas qilganlarini so'zlab bergandilar. Bizlar ham shunday ishlarni qilsak degandilar. Ana shu g'oyani keyinchalik birga ishlab chiqdik. Keyin yurtdoshlarimiz Asqar va Doniyorlar yonimizga qo'shildilar. Bu yil tashkiliy qo'mita yanada kengaydi", - deydi Sharipov.

Turnir 15-sentabr kuni Nyu-Yorkning Bruklin mavzesidagi "Kaiser Park" istirohatgohida katta tantana bilan boshlandi. AQShdagi o'zbekistonliklar boshlagan turnir qatnashchilarini bu safar homiylar qatori Bruklin ma'muriyati vakili Deyvid Jonson ham qutladi.

Ochilish marosimida O'zbekistonning BMTdagi elchisi Baxtiyor Ibragimov ham ishtirok etdi. Eng muhimi turnirda qatnashayotgan jamoalar geografiyasi kengaygan. 2018-yilgi futbol musobaqasida 9 shtatdan 12 jamoa qatnashdi.

"Futbol men uchun bu aloqa o'rnatish. Chunki yangi tanishlar orttiraman, eski tanishlarni ko'raman. 12 jamoada ko'plab tanishlarimiz bor. Ular bilan ko'rishganimdan xursand bo'ldim, fikr almashdik. Har xil sohalarda, katta-katta tashkilotlarda ishlaydigan professional do'stlarimiz bor, ular bilan ham ko'rishdik. Men uchun futbol nafaqat sport, balki netvorking ham desam adashmayman", - deydi "Vashington burgutlari" jamoasi vakili Nabijon Tog'ayev.

Ikki yil avval yuz bergan birinchi turnirda Nyu-York shahri hamda Nyu-Jersi, Pensilvaniya, Merilend shtatlari va poytaxt Vashington shahridan jami 8 jamoa qatnashgan edi. Yildan yilga jamoalar soni oshib bormoqda. Tashkiliy ishlar ham yaxshilangan.

"Birinchidan, turnir o'zbekistonlik bolalarimizni birlashtiryapti. Bu yerda hamma ham professional futbolchilar emas, aksariyati havaskorlar. Lekin turnir bir-birimizni yaqinlashtiryapti", - deydi "Do'stlik" jamoasi murabbiysi Olim Tilloyev.

Turnirda ilk bor qatnashayotgan Nyu-Jersi shtatining "UZB" jamoasi, asosan, ota va o'g'illardan tarkib topgan. Maqsad futbol bahona til va qadriyatlarni AQShda ulg'ayayotgan farzandlarga ulashish.

"Ko'proq, albatta, imkoniyatni yoshlarga berayapmiz. Bizlarning farzandlar maydonda o'ynashayapti. Bizlar esa qo'limizdan kelgancha yordam berayapmiz ularga. Professional bo'lmasak-da, murabbiylik qilayapmiz. Yutishdan tashqari asosiy maqsad farzandlarimizning o'zaro qo'shilishidir. Filadelfiya, Vashington, Chikago, Atlantadan jamoalar kelgan, ularni ko'rib bolalarimiz mana shuncha kuch ekanmiz, o'zbekchilik yo'qotilmagan deyishadi. Osh damlanib, madaniy dastur tashkil qilingani ham muhim", - deydi "UZB" jamoasi vakili Farhod Inogambayev.

"Hammasi ajoyib. Tadbir yaxshi rejalanibdi. Menga festival va taomlar yoqdi. O'zbeklarimiz bilan o'ynash menga bir olam zavq bag'ishladi. Kelgusi yil turnir bundan ham yaxshi o'tkazilishini istayman. Umuman, tadbir juda zavqli o'tdi", - deydi jamoaning Otabek ismli yana bir o'yinchisi.

O'tgan ikki yil davomida turnirda Nyu-Yorkning “Paxtakor” jamoasi g'oliblikni qo'ldan bermay kelayotgan edi. Bu yilgi musobaqada esa birinchi o'rin Nyu-Yorkning boshqa jamoasi - “Maroqand”ga nasib etdi. Finalda 7:6 hisob bilan “Maroqand” jamoasi Pensilvaniyaning “Do'stlik” jamoasi ustidan g'alaba qozondi.

"G'alaba yengillik bilan qo'lga kiritilmadi. Asosiy vaqt durang hisob bilan yakunlandi. Bolalar charchagandi. Qo'shimcha vaqt berdilar. Shunda ham natija bo'lmadi. Penalti orqali birinchi o'rinni oldik", - deydi "Maroqand" jamoasi o'yinchisi Samad Rahimov.

Futbol ishtirokchilari va mehmonlar uchun saylgohning o'zida o'choqda ikki qozon osh damlandi.

"Men amerikalikman, lekin 14 yil Toshkentda yashaganman. Hozir Bruklinda yashayman, Manxettenda ishlayman. O'zbekistonliklar ittifoqi bilan yana aloqa qilib turish imkoniyati bo'layotganidan juda xursandman. Bugungi tadbir juda ajoyib o'tayapti. Har xil ajoyib odamlar bilan tanishayapman bugun. Hozir osh ham yeymiz. Men suyunib ketdim bugun", - deydi turnirni tomosha qilish uchun kelgan mehmonlardan biri Keit Stokeld.

G'olib jamoaga turnir kubogi va homiylarning esdalik sovg'alari topshirildi. Muvaffaqiyatli qatnashgan boshqa jamoalar va o'yinchilarga ham maxsus sovg'alar va sertifikatlar berildi. Tashkilotchilar kelgusida bunday turnirni yana Navro'z arafasida o'tkazishlarini ma'lum qildilar.

Nyu-Yorkda "Mustaqillik" futbol turniri