O'zbekiston tarixida ilm bor ommaviy axborot vositalari uchun mutaxassis tayyorlovchi oliy ilm dargohi ish boshladi. Bungacha ikki universitetda jurnalistika sohasini o'qituvchi fakultetlar bor edi.
Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti 7-sentabr kuni tantanali ravishda ochildi. "Amerika Ovozi" bu kuni nafaqat taniqli jurnalistlar balki bu oliygohning talabalari bilan ham suhbatlashib, ulardan bu soha va uning egalari oldidagi muammo va vazifalar haqida so'radi. Ularning aytishicha, universitet ish boshlagani tarixiy voqea lekin eng muhimi, ishonchni oqlashi kerak.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov universitet kuchli kadrlar yetishtirib beradi degan umidda va uning o'zi bu jarayonga hissa qo'shishga bel bog'lagan. Maxsus kurslar o'tishni rejalagan.
Yana bir faxriy jurnalist Xurshid Do'stmuhammad ham oliygohda dars berish uchun taklif qilingan va u ham har jihatdan bu universitet ravnaqi uchun madad ko'rsatishga bel bog'lagan.
Talabalar "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan, hayajonlarini yashira olmadi.
"Xalqaro talablarga javob bera oladigan jurnalistlar bo'lishni xohlaymiz", - deyishdi baralla.
Ular nazarida O'zbekiston matbuoti va jurnalistikasi o'tgan ikki yilda ancha jonlandi. Biroq xalq bundanda kuchliroq OAVga muhtoj, deydi ular.
Universitet rektori Sherzod Qudratxo'jayev fikricha, O'zbekiston media sohasi istiqboli shu yoshlar qo'lida va ularga qancha ko'p sarmoya qilinsa, shunchalik meva beradi.
Universitetni tashkil etish haqidagi prezident farmoni may oyida chiqqan edi. Oliygoh uch oy ichida oyoqqa turdi.