O'zbekiston mustaqilligining 27-yili Vashintonda Jahon banki qarorgohida nishonlanar ekan, respublikaning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov deydiki, mamlakat faqat oldinga qadam tashlamoqda va shunday davom etadi. Hukumatlar bugun har qachongidan yaqin.
Hozirgi ko'tarinki kayfiyat va yuksak umidlar ortida qattiq mehnat va cheksiz qiyinchiliklar turganini mehmonlar biladi. AQSh va O'zbekiston aloqalari rasmiylari da'vo qilayotganidek yoki ishonch bildirayotganidek oldinga siljiyverishi va eng muhimi, O'zbekistondagi vaziyat avvalo xalq talabiga javob berishi uchun hali juda ko'p ishlar qilinishi lozimligini ular tan oladi va bir-biriga eslatadi. Islohot bir maromda kechmaydi, muammolar esa cheksiz.
Diplomatik tadbirda Toshkentdan mehmon bo'lib turgan Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ham so'zladi. Vashingtonda u AQSh Ta'lim vazirasi Betsi Devos bilan uchrashdi. Shermatov deydiki, ikki davlat bu sohada hamkorlikni kengaytirar ekan, O'zbekistondagi islohotlar ham jadallashaveradi. Vashington uni juda iliq kutib olgan. Shermatov boshqa vazirliklarda ham bo'lgan, jumladan Davlat departamentida.
Your browser doesn’t support HTML5
Oq uy rasmiysi Liza Kurtis ham tantanada nutq so'zlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu yili AQShga qilgan rasmiy tashrifi tarixiy burilish yasadi va shunday beri rishtalar yanada kuchaydi, deya maqtadi. Davlatlar endilikda strategik sheriklar. Bir-biriga yordam berishga bel bog'lagan. Tramp ma'muriyati, deydi Kurtis, Toshkentni faqat progress tomon undayveradi. Bu jarayonda AQSh har tomonlama yordam berishga shay.
Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uels so'zlariga ko'ra, Vashington O'zbekistondagi jarayonlarni yaqindan kuzatmoqda. Islohotlar bu mamlakatni yangi bir davrga olib kiradi, O'zbekiston mintaqadagi yetakchi jamiyat va tizimga aylanadi, degan umid kuchli, deydi Uels.
Your browser doesn’t support HTML5
Rasmiylar orada samimiy va amaliy muloqot yo'lga qo'yilganini aytadi. Shu bois ham o'zaro tashriflar, safarlar va muzokaralar tinmayapti va shunday davom etishi kutilmoqda.
Bu oy AQSh Tijorat vaziri Uilbur Ross O'zbekistonga safar qiladi. Savdo va investitsiya xususida gaplashadi va biznes tadbirlarda qatnashadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Amerikaning Uebster universiteti hozirda O'zbekiston oliygohlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Toshkentda, xususan Jahon tillari universitetida o'qib, bu dargohning diplomini olish mumkin. Uebster rahbari Elizabet Strobl ham Vashingtondagi tadbirda so'zlab, O'zbekistonning tarixi va ilmiy merosini "buyuk va olamshumul" deya ta'rifladi.
Jahon bankida O'zbekiston a'zo guruhning ijrochi direktori, Shveytsariya rasmiysi Uerber Gruberga ko'ra, tashkilot respublikada bir necha loyihalarni amalga oshirmoqda va natija nafaqat islohotlar samara berishi uchun hissa qo'shishi kerak, balki mamlakat bo'ylab insonlar hayotini osonlashtirishi ham ko'zlangan.
Tadbirga kelgan mehmonlar orasida o'zbekistonliklar ham ko'p edi. Vatandoshlar orasida uzoq-yaqindan kelgan mutaxassislar, o'zbek jamoalarining liderlari va turli tashabbuslar ortida turgan faollar bo'ldi.
Your browser doesn’t support HTML5