AQSh Kongressi uchun oraliq saylovlarga sanoqli kunlar qoldi. Demokratlar va respublikachilar o'rtasida ziddiyat kuchli. Lekin ular bir masalada yakdil: bu galgi saylovda Tramp shaxsiyatining o'rni muhim.
Prezident Donald Tramp uchun bu saylov shaxsiy ahamiyatga ega.
"Ajoyib muvaffaqiyatlarimiz boy berilish xavfi ostida. Byulletenda mening nomim yo'q. Lekin qaysidir ma'noda, mening nomim ham bor. Shu bois chiqing va ovoz bering", - dedi Tramp.
Trampning bu gaplari nafaqat tarafdorlarini, balki Jenni Heynz kabi tanqidchilarini ham faollashtirmoqda.
"O'zini qonundan ustun ko'ruvchi prezidentga qarshi kuchli norozilik bor", - deydi Heynz.
Amerika universiteti tahlilchisi Deyvid Barkerga ko'ra, prezident siymosi bu yilgi saylov markazida.
"Demokratlar 2016-yilgi saylov tugashi bilan shu kunni kutishayotgan edi. Tramp bunga tayyor. U saylov o'zi haqida bo'lishini xohlaydi", - deydi u.
Tramp Kongress saylovlarini milliy voqeaga aylantirdi, deydi tahlilchi Lara Braun.
"Butun mamlakat e'tiborida bu saylov. Uni prezident uchun yoki unga qarshi referendum sifatida ko'rishyapti", - deydi ekspert.
Trampning sobiq maslahatchisi Stiv Bennonga ko'ra, g'alaba uchun Tramp nomi kerak.
"Agar buni milliy referendum sifatida olib, saylovni Prezident Tramp muvaffaqiyatlariga bog'lasangiz, demokratlar yakson bo'ladi", - dedi Bennon.
Bunga shubha bilan qaraydiganlar ham bor.
"Saylov prezident haqida bo'lishini xohlaysizmi? Unda har bir nomzod prezidentning axloqi va tvitlari uchun javob berishga tayyor tursin", - deydi Respublikachilar milliy qo'mitasi sobiq rahbari Maykl Stil.
Tramp tufayli ko'proq demokratlar saylovga chiqadi, deydi kongressmen Datch Rappersberger.
"Odamlarni emas, faqat o'zingizni o'ylasangiz, boshqalarga siyosiy zarba berib yaxshi ko'rinishni istasangiz, bu og'riq beradi. Shu bois bu safar juda ko'p odam saylovga chiqadi", - deydi demokrat qonunchi.
Prezident bundan xavotirda emas. U o'z tarafdorlarini yanada jonlantirish bilan ovora, deydi tadqiqotchi Frenk Nyuport.
"U saylovchilari ko'lamini kengaytirishga urinayotgani yo'q. Uning uslubi shunaqa. Jangovar uslubga ega. U dushmanlari bo'lishini yoqtiradi, chunki kimgadir qarshi kurashishi kerak. Shu bois Trampdek prezident ko'proq odamga yoqishga harakat qilmaydi", - deydi Nyuport.
6-noyabr kuni byulletenlarda Trampning nomi bo'lmaydi. Ammo saylov natijasi uning prezidentligi kelajagini hal qilishi mumkin.