21-oktabr kuni Nyu-Yorkning Bruklin tumani markazida O'zbekiston, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Turkmaniston va Tojikiston respublikalarining milliy bayramlari - mustaqillik kuni nishonlandi. Shu munosabat bilan tuman ma'muriyati binosida xalq amaliy san'ati ko'rgazmasi, badiiy dastur uyushtirildi, mehmonlarga milliy taomlar va shirinliklar tortiq etildi.
“Bunday tadbirlarni o'tkazishdan asosiy maqsad AQShga, amerikaliklarga bizning xalqlarimizning madaniyati, bayramlarini namoyish etish. Bruklinda yashaydigan turkiy xalqlarni tanitish istagidir”, - deydi Bruklin tumani prezidentining yordamchisi, jamiyatlar bilan hamkorlik qilish bo'yicha koordinator Rana Abbasova.
O'zbekistonliklar jamiyati vakili Asiya Kalandarovaning aytishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqillikka erishgan kuni bir yilda bo'lgani sabab hamma jamlanib bayramni birga nishonlashga qaror qilingan.
Nyu-Yorkning Bruklin tumanida 2 million 600 mingga yaqin aholi yashaydi. Uning 40 foizini xorijda tug'ilganlar tashkil etadi. Bugun mustaqillik bayramlarini Bruklin markazida nishonlayotgan O'zbekiston, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Turkmaniston va Tojikiston xalqlari vakillari ana shunday yangi amerikaliklar jumlasidan.
“Men AQShda o'zbek, tojik, qozoq do'stlarim bilan birga ulg'ayganman. Bizning mamlakatlarimiz mustaqillikka erishgan vaqtda biz shu yerda edik. Ozarbayjon, O'zbekiston davlatlari mustaqil bo'lgani haqidagi xabarni eshitgach, biz BMT binosi oldiga borganmiz. U yerda bayroqlarimiz ko'tarilganini ko'zda quvonch yoshini olib kuzatganmiz. Davlatlarimiz elchilarining BMT Bosh asambleyasida so'zlagan ilk nutqlarini diqqat bilan eshitganmiz. Biz uchun bu ulug' bir kundir. Barchani ana shu sana bilan qutlayman va istiqloliyatimizni bardavom etishini tilab qolaman”, - deydi ozarbayjonliklar jamiyati vakili Tomriz Azeri.
Ushbu respublikalar sobiq Sovet Ittifoqi parchalangach, 1991-yilning kuzida birin ketin o'z mustaqilligini qo'lga kiritgan. Shuning uchun bu xalqlarning Bruklindagi milliy jamiyatlari bu sanani oktabr oyida birgalikda nishonlashga qaror qilganlar.
“Erik Adams tumanga Prezident etib saylangach, ana shu ishlar boshlandi. Chunki unga o'zi rahbarlik qilayotgan tumanda qaysi xalqlar vakillari yashashidan xabardor bo'lish juda qiziq edi. Hammasi qiziqishdan boshlandi. So'ngra uch yil oldin birgalikda biz Navro'z bayramini shu binoda nishonladik. Bugungi tadbir sabab biz Turkmaniston, Qirg'iziston bilan ham yaqindan tanishdik. Chiroyli ko'rgazmalar tashkil qilindi. Tadbir mazmunli o'tdi”, - deydi Rana Abbasova.
“Hammamizni birdek ko'rgan, hammamizning boshimizni silab bag'rini, joyini ochib bergan Bruklin tumani hokimi Erik Adamsga butun diasporaning, barcha musofirlarning nomidan minnatdorchiligimizni bildirmoqchiman”, - deydi o'zbekistonlik Asiya Kalandarova.
Tadbir milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi bilan boshlandi. Ma'muriyatning katta zalida mamlakatlar vakillari o'z jamiyatlarini tanishtirishdi.
So'ng milliy va mumtoz kuy-qo'shiqlar, raqslar ijro etildi.
“Bugun Bruklin shahrida juda katta bayram. O'zbekiston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlari birgalashib Mustaqillik kunlarini nishonladik va har bir davlat o'z madaniyatini namoyish qilishga harakat qilyapti. Shu jumladan, O'zbekistonning o'ziga yarasha bir qadimiy musiqa yo'nalishidagi, ashula yo'nalishidagi madaniyatini yoritib berish mening zimmamga yuklandi. Ana shunday sharafli vazifani bajarganimdan bag'oyatda xursandman", - deydi yana bir o'zbekistonlik Mardonbek Kayumov.
O'zbekistonliklar jamiyati vakili Dilyora Rahimova bunday tadbirlar tez-tez bo'lib turishi tarafdori.
“Bruklin tuman ma'muriyati binosida o'zbekistonliklar jamiyati orqali birinchi marta chiqishim. Men juda xursandman, chunki jamiyatimiz safi kengaymoqda. Ana shunday katta jamiyatni, o'zbekistonliklar kimlar ekanligini ko'pchilik bilishi kerak. Bugun bu yerda o'z san'atimiz, madaniyatimiz va milliy taomlarimizni ko'rsatib asta-sekin o'zimizni tanitayapmiz”, - deydi u.
Tadbir yakunida milliy taomlar, o'zbek oshi tortiq etildi. Bir piyola choy ustida do'stona suhbat qurildi.