Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beradigan “grin-karta”ni yutib olish hammaga ham nasib qilavermaydi. Biroq AQShga sarmoya kiritish imkoniyatiga ega bo’lgan boy xorijliklar uchun bunga erishish yo’li bor.
EB-5 deb nomlanadigan Sarmoyador immigrantlar viza dasturi talabalarga o’qishni bitirgandan keyin AQSh hududida yashash va ishlash huquqini beradi. Bu ikki muhim huquq F-1 talaba vizasida nazarda tutilmagan.
EB-5 vizasini olish uchun murojaat qilayotgan shaxs AQShga kamida 500 ming dollar sarmoya kiritishi talab etiladi.
“AQShda yashab qolishni istaydigan chet ellik boy oiladan kelgan talabalar talaygina. Bu ular uchun yaxshi imkoniyat”, - deydi universitetni bitirib, EB-5 vizasini olgan Ishaan Xanna.
Xanna Los Anjeles shtatidagi Loyola Merimount universitetida tahsil olish uchun F-1 vizasi bilan Hindistondan kelgan. O’qish muddati yakuniga yetar ekan, u AQShda yashab qolish va mehnat qilish huquqiga erishish yo’llarini izladi.
“AQShda, ayniqsa, Silikon vodiysiga yaqin hududda karyeramni boshlash oson ish emas edi”, - deydi Xanna. Universitetning so’nggi yilida u EB-5 vizasi haqida ma’lumot to’pladi.
EB-5 viza dasturi 1990-yilda mamlakatga xorijiy sarmoyani jalb etish va amerikaliklar uchun ish o’rinlarini yaratish maqsadida joriy qilingan. Dastur talabiga ko’ra, chet el fuqarosi Amerikadagi muayyan bir biznes yoki ana shunday sarmoyalarni qabul qilish bilan shug’ullnadigan hududiy markazlarga kamida 500 ming dollar miqdorida mablag’ kiritishi kerak.
Shuningdek, kiritilgan sarmoya kamida 10 ta yangi ish o’rnini yaratishga xizmat qilishi lozim.
Sarmoya kiritgan talabalarga 2 yil muddatga vaqtinchalik “grin-karta” beriladi. Ish o’rinlari soni belgilangan talabga to’g’ri kelsa, doimiy “grin-karta” taqdim etiladi.
Tanqidchilarga ko’ra, EB-5 dasturi orqali kiritilgan sarmoyalarning yetarlicha nazorat qilinmayotgani mablag’larni turli manfaatlar yo’lida sarflashga sabab bo’lmoqda.