Prezident Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Zinpin joriy hafta Argentinada “Katta yigirmalik” sammiti doirasida uchrashadi. Rahbarlar savdo aloqalariga doir masalalarni muhokama qiladi. AQSh Milliy iqtisodiyot kengashi rasmiylariga ko’ra, uchrashuv ikki davlat o’rtasidagi savdo urushini yumshatish uchun yaxshi imkoniyat. Ayni damda, kelishuvga erishilmasa, Tramp ma’muriyati qo’shimcha tariflar joriy qilinishi haqida ogohlantirgan.
Joriy haftaning dam olish kunlarida Argentinada “Katta yigirmalik” davlatlari uchrashadi. Tadbirda savdo urushi davom etayotgan ikki davlat diqqat markazida bo’ladi. AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Zinpin bilan “Katta yigirmalik” sammiti doirasida uchrashadi.
Iqtisodiyot bo’yicha maslahatchi Larri Kadlouga ko’ra, Tramp ayrim shartlar asosida Xitoy bilan murosaga tayyor.
“Itellektual mulkni noqonuniy o’zlashtirib olish, texnologiyalarni majburiy ko’chirish, muhim ahamiyatga ega tariflar va tarifsiz to’siqlar, mulkka egalikka doir masalalar hal etilishi lozim”, - deydi u.
Kelishuvga erishilmasa, Oq uy 200 milliard dollarlik Xitoy mahsulotlariga tariflarni oshirishi, 267 milliardlik importga yangi tariflar joriy qilishi mumkin.
Amerikaning Xitoydagi sobiq elchisi Vinston Lord shunday deydi:
“Prezident Tramp iqtisodiy notenglikni bartaraf qilish bo’yicha haq. Garchi tariflar muammoni hal qilish yo’li bo'lmasa ham. Ayni damda texnologiyalarning majburiy transferi, intelektual mulkni o’zlashtirish, Xitoy kompaniyalariga subsidiyalar ajratishga doir masalalarga e’tibor qaratish lozim”.
O’z navbatida, Pekin savdo urushi global iqtisodiyotda bo’linishga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
“Global savdo va sarmoya sohalari og’ir ahvolda ekan, “Katta yigirmalik” mazkur masalalarni hal etish mas’uliyatini o’z zimmasiga olishi kerak. Shuningdek, bir tomonlama iqtisod va savdo himoyasiga qarshi chaqiriqlar bilan chiqishi lozim”, - deydi Xitoy Tijorat vaziri o’rinbosari Van Shouven.
Savdo tangligining bartaraf etilishi dunyo bo’ylab moliyaviy bozor muammolari yengillashishiga sabab bo’ladi. Ikki davlat kelishuvidan investorlar manfaatdor.
Osiyo-Tinch okeani Iqtisodiy hamkorlik sammiti joriy oy Vashington va Pekin o’rtasidagi nomutanosiblik tufayli qo’shma bayonotsiz yakunlangan edi.
“Katta yigirmalik” vaziyatni o’nglaydimi yoki chigallashtiradimi, dunyo buni ilinj bilan kuzatadi.