Bir qator AQSh qonunchilari Prezident Donald Trampdan Xitoydagi uyg'urlar masalasiga jiddiyroq e'tibor qaratishni so'ramoqda.
Ularga ko'ra, Vashington Pekin bilan muloqotida inson huquqlari bo'yicha vaziyatni ham muhokama qilishi kerak.
"Biz faqat Amerika qadriyatlari emas, balki butunjahon inson huquqlari haqida gapiryapmiz. Xitoy hukumati ularni himoya qilishga so'z bergan. Aslida esa bu huquqlarni keskin toptamoqda. Buning uchun javob berishlari kerak", - deydi qonunchi Kris Smit.
Nyu-Jersidan saylangan respublikachi kongressmen Kris Smit Xitoyning uyg'urlar saqlanayotgan lagerlarini yopishga chaqiruvchi qonun loyihasini taqdim etdi. Shuningdek, hujjat ozchilik guruhlar huquqlarining toptalishini hujjatlashtirishga chaqiradi. Respublikachi senator Marko Rubio ham shunga o'xshash qonunni olg'a surmoqda.
"Bu haqda qancha ko'p gapirsak, jamoatchilik shuncha ko'p e'tibor qaratadi. Xitoy Kommunist partiyasi o'zining global obro'si zarar ko'rishini istamaydi", - deydi senator Rubio.
Tramp ma'muriyati mavzuga befarq emasligini aytadi.
"AQSh va xalqaro hamjamiyat Xitoyning diniy guruhlarni tazyiq ostiga olishi yuzasidan xavotir bildirishda davom etadi. Nasroniylar, buddistlar va 800 ming, ehtimol, millionlab musulmonlarning erkinliklari toptalmoqda", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
Uzoq yillardan beri Xitoy ozchilik guruhlarning tazyiqqa olinishini inkor etib keladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi yaqinda bayonot chiqarib, Vashingtonni boshqalar ishiga burun suqishdan oldin o'z uyidagi inson huquqlariga oid muammolarini bir yoqli qilib olishga chaqirdi.