Prezident Donald Tramp AQShning Afg’onistondagi 14 mingdan ziyod qo'shinining yarmini qaytarish masalasini ko’rib chiqmoqda.
E’lon qilingan rejaga muvofiq, yetti mingga yaqin askar yanvar oyida Afg’onistonni tark etadi. Qo’shinning qolgan qismi bosqichma-bosqich qisqarib boradi.
Amerika qo’shinlarining asosiy vazifasi Afg’oniston harbiylarini treningdan o’tkazish va maslahat berishdan iborat. Ular NATO tarkibida lekin jangovar emas.
Tramp ma’muriyati Afg’onistonda urushni tugatish borasida Tolibon bilan amaldagi hukumat o’rtasida muzokaralar asosida murosaga erishish yo’llarini izlamoqda.
Afg’oniston hukumati AQSh qo’shinlarini qisqartirish rejasidan xavotirda emas. Rasmiylar Afg’oniston kuchlari mamlakatni mustaqil mudofaa qilish qudratiga ega ekanini bildirgan.
Afg’oniston prezidentining bosh maslahatchisi Fozil Fazliyning ma’lum qilishicha, “harbiy mashg’ulotlar, maslahat va ko’mak berishga mas’ul bo’lgan bir necha ming qo’shin”ning qisqartirilishi Afg’oniston kuchlarining xavfsizlikni ta’minlash salohiyatini zaiflashtirmaydi.
Fazliy AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlarning chiqib ketishi oqibatida Afg’oniston Mudofaa xavfsizligi kuchlarining inqirozga yuz tutishi to’g’risidagi tahminlarni inkor etgan.
Biroq AQSh harbiy qo’mondonlari Afg’oniston qo’shinlarining xorijiy hamkorlar dastagisiz Tolibonga qarshi janglarga dosh bera olishiga shubha bilan qaramoqda. Vilson markazi eksperti Maykl Kugelmenga ko’ra, Amerika qo’shinlarining qisqarishi “o’ta xavfli”.
Joriy yil oxirlab borayotgan ayni damda Afg’onistonda 14 mingdan ziyod Amerika kuchlari bor. Ularning yarmini logistika bo’yicha mutaxassislar va trenerlar tashkil etadi. Barak Obama prezidentlik faoliyatini boshlaganida Afg’onistonda 30 ming qo’shin bo’lgan. Uning xavotirlari 2011-yilda qo’shin tarkibining 100 mingdan oshirilishiga sabab bo’ldi. 2012-yildan boshlangan qisqartirishlar natijasida Obama prezidentligining ikkinchi davri yakunida – 2016-yili Amerika kuchlari 8500 askarga tushgan. Donald Tramp qo’shin tarkibini kengaytirib 14 mingga yetkazdi. Ana shu tarkib ayni damda ham saqlanib turibdi.
Joriy yilning fevral oyida Pentagon taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, Afg’oniston urushiga Amerika hisobidan yiliga 45 milliard dollar sarflangan. Mablag’ning 5 milliardi afg’on kuchlariga, 13 milliardi AQShning Afg’onistondagi qo’shinlariga, 780 millioni iqtisodiy ko’mak va qolgan katta qismi logistik dastak uchun ajratilgan. Afg’onistonda Amerika kuchlari 100 mingdan oshgan 2010-2012-yillarda yillik xarajatlar 100 milliard dollardan ortgan.