Oydan Yerga ilk nazar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika astronavtlari Oyga uyushtirgan ilk tarixiy parvozga 50 yil to’ldi. Birinchi tajriba sifatida parvoz o’ta xavfli yakun topishi mumkin edi. Sovuq urush oqibatida tanglik kuchaygan 1968-yilda marhum Prezident Jon Kennedining o’n yillik yakuniga qadar oyga parvoz qilish to’g’risidagi farmoni amalga oshadi. Oradan yarim asr o’tib, NASAning oyga qilgan ilk parvozi buyuk jasorat ishi sifatida eslanadi.

1968-yilning 24-dekabri. NASA astronavtlari Bil Anders, Frenk Borman va Jim Lovel hayotini xavf ostiga qo’yib, birinchi bor Oy atrofiga sayohat qildi.

“Apollon-8” dastlab Yer atrofida parvoz qiladigan raketaning asosiy va ko’makchi qismini sinovdan o’tkazishga mo’ljallangan. Biroq sovuq urush missiya maqsadini o’zgartirdi.

“Razvedka byurosidan Rossiya Oy atrofiga kosmik parvoz qilishni rejalashtirgani haqida xabar kelgan edi. Ular Oyni birinchi bo’lib zabt etmoqchi edi”, - deydi astronavt Lovel.

50 yil avval Florida shtatidan fazoga ko’tarilgan “Apollon-8” jamoasi Rossiyani ortda qoldirib, tarixiy parvozni amalga oshirdi.

“Inson qadami Oyga yetgan “Apollon-11”ni ko’p eslaymiz. Biroq oyni yaqin masofadan ilk bor “Apollon-8” o’rgandi”, - deydi mutaxassis Endryu Jonston.

Endryu Jonston vitse-prezident lavozimida faoliyat yuritadgan Chikago planetariumida Jim Lovel fazoga uchgan maxsus kiyim va “Apollon-8” qo’llanmasi namoyish qilingan.

“Insoniyat ilk bor Yer atrofidan bu qadar olisda harakatlanayotgan, inson ko’zlari Oyning ters tarafini ilk bor ko’rayotgan edi”, - deydi Jonston.

“Apollon-8” jamoasi asosiy manzil – oy sathiga qadam qo’ymadi. Bu missiya navbatdagi bosqich uchun hozirlik vazifasini o’tadi.

“Ular koinotda suzib yurgan moviy marmarga o’xshash Yer suratini ilk bor ko’rishdi. Planetamiz haqidagi tasavvurimiz o’zgardi”, - deydi Jonston.

“Haqiqiy sarguzasht bo’lgan. XIX asrdagi Lyuis va Klark eskpeitsiyasiday maroqli”, - deydi Lovel.

Oradan yetti oy o’tib insoniyat oy sathiga qadam qo’ydi. “Apollon-11”ning fazoga ko’tarilishini mashhur aviatsiya xodimi Charls Lindberg bilan yonma-yon kuzatar ekan, Jim Lovel “Apollon-8” missiyasining naqadar muhim tajriba bo’lganini yanada teran anglagan edi.

“Charls “Apollon-8” missiyasi o’ta muhim qadam bo’lganini ta’kidlagan. Uningcha, Oyga ilk parvoz, uning atrofini aylanish, o’rganish borasida mukammal tajriba bo’lgan”, - deydi Lovel.

“Apollon-8” Lovelning oyga yagona parvozi emas. U 1970-yilning

13-aprelida “Apollon-13” ekipajining komandiri sifatida oyga qo’nishi kerak edi. Biroq kutilmagan nosozlik tufayli ekipaj oyga qo’nmadi. “Apollon-13” ana shunday tahlikali holatda ortga – Yerga qaytishga majbur bo’lgan edi.

Bugun “Apollon-13” NASAning “muvaffaqiyatli mag’lubiyati” sifatida eslanadi. Garchi u Lovelning fazoga so’nggi parvozi bo’lsa-da, u Oyning ters tarafini va Yerning asl ko’rinishini ilk kuzatgan tarixiy “Apollon-8” ekipaji a’zosi ekanidan faxrlanib yashaydi.