2019-yil O’zbekistonda Faol investitsiya va ijtimoiy rivojlanish yili bo’ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisdagi nutqini Vashingtondan kuzatdik, O’zbekiston elchixonasida, vatandoshlar bilan. Murojaat dunyoning bu tarafi vaqti bilan yarim tunda, 12:00 da boshlandi.
Nima eshitdik?
Murojaatning katta qismi iqtisodiy islohotlar xususida bo'ldi.
O'zbekiston rahbari deydiki, mamlakat xalqining hozirgidan yaxshiroq yashashga haqqi bor lekin tuzum buning uchun sharoit yaratishga ojizlik qildi. Islohotlar, deya qayd etdi u, farovon hayot uchun zamin yaratishi kerak.
Prezident nutqida qora bozor ham tilga olindi. Soyadagi, norasmiy iqtisodni yo'q qilib, real iqtisodiyotni taraqqiy ettirish xususida gapirdi. Mirziyoyev mulkka egalik huquqini kengaytirishga ham to'xtaldi.
Islohotlarga ishonish kerak, bu degani harakat qilish kerak, deydi prezident. O’zgarish qilish odamlarga bog’liq.
Parlamentning nazorat qilish kuchini oshirish kerak. Kim vazir bo’lishini qonunchilar ko’rib chiqsin. Prezident ko’plab vakolatlaridan voz kechishga tayyor, xususan, yuqori lavozimlarga kimni tayinlash va sudyalarni tanlash. Siyosiy islohotlar kengayadi, deydi prezident.
Elchixonalarning asosiy vazifalaridan biri: sarmoya jalb etish. Bu borada yangicha reja zarur, deydi Mirziyoyev.
Prezident huzurida ekspertlar kengashi tuziladi. Unga xorijdan yetakchi mutaxassislar va ilm-fan namoyandalari taklif etiladi. Vazirlar Mahkamasi ixchamlashadi. Viloyat va tuman boshqaruvida islohotlar bo’ladi.
Sudyalar mustaqilligini ta’minlash zarur. Qonun ustuvorligiga usiz erishib bo’lmaydi. Prezident ularni tanlamasligi kerak. Maxsus organ, sudyalar kengashi buni belgilashi kerak. Prokuratura va ichki ishlar tizimida islohotlar chuqurlashadi. Jinoyatni jilovlash shart, deydi Mirziyoyev. Kodekslarni qayta ko’rib chiqish kerak.
O’zbekiston harbiy kompleksni rivojlantirishga bel bog’lagan. Barqarorlikni saqlash uchun chiniqqan kuch va ilg’or texnologiya zarur.
Ekologik fojia bo’lmish Orol dengizidagi vaziyatga nisbatan chora ko’rish va bu hudud aholisiga g’amxo’rlik qilish - davlat zimmasida, deydi Mirziyoyev. Xalqaro hamjamiyat e’tibori yaxshi, lekin bu avvalo O’zbekiston muammosi. Mamlakat bu masala bilan jiddiy shug’ullanishi kerak.
Tashqi siyosatda Markaziy Osiyo va Afg’oniston birinchi o’rinda. O’zbekiston AQSh, Xitoy, Rossiya singari yirik davlatlar, qolaversa butun dunyo, xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlaydi, deydi prezident.
Nima eshitmadik
Demokratik islohotlar haqida ko'p gapirilmadi. Prezident so'z va matbuot erkinligi, siyosiy erkinliklar xususida deyarli to'xtalmadi. Oshkora va shaffof tuzum bo'lish uchun muxolifat zarurligi haqida so'zlamadi, vaholanki, islohotlar O'zbekistondagi avtoritar sistemani qanchalik o'zgartirishi mumkin degan savol xalqaro maydonda tez-tez yangrab turadi. O'zbekistondagi ochilish nimaga yetaklaydi? Prezidentlikning uchinchi yilini boshlar ekan, Mirziyoyev shu borada ham so'z ochar va ochishi kerak, deya kutayotganlar bor.
7-dekabr kuni qilgan nutqida, Konstitutsiya kuni munosabati bilan o'tgan tadbirda, prezident matbuot va jurnalistlar roli haqida to'xtalib, ommaviy axborot vositalari va ularning xodimlarini dadil bo'lishga, tanqidiy materiallarni ko'paytirishga undagan edi.
O'shanda Mirziyoyev diniy erkinlik haqida ham gapirgan. Tuzum oldin xavfsiragan odamlar endi erkin, deya qayd etgan edi. Minglab fuqarolarning qora ro'yxatlardan chiqarilishi erkinlik tomon katta qadam sifatida talqin qilinadi. Inson huquqlari tashkilotlari nazaria bu jarayon jadallashishi lozim. Tuzum bilan yaqindan tanish mutaxassislar esa shoshmay ish ko'rish kerak va shunday qilinmoqda, deya eslatadi.
Toshkent viloyatining Parkent shahridan siyosiy faol Ruhiddin Komilov esa hozircha O'zbekiston bunga tayyor emas deganlarga "Amerika Ovozi" bilan suhbatda javob berib, muxolifatsiz O'zbekistondagi bugungi siyosiy irodani saqlab qolish mumkin emas, dedi. Komilov nazarida islohotlar real lekin ular tub o'zgarishlarga yetaklashi uchun hukumatni tergab turadigan demokratik oppozitsiya zarur.
Prezident Mirziyoyev Oliy Majlisni faollikka chaqirib kelmoqda. Parlamentda o'ringa ega partiyalar jonlanishi kerak, deydi u. Hozircha ularning birortasi amaldagi siyosatni tanqid qilmaydi va muqobil yo'l taklif qilmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5