Joriy yilning 31-dekabr kuni yopilishi rejalangan Markaziy amerikalik migrant o’smirlar lageri faoliyati vaqtincha to’xtatilmaydigan bo’ldi. Bu haqda Prezident Donald Tramp ma’muriyati ma’lum qildi.
Texasda joylashgan mazkur lagerda 2000 dan ziyod o’smirlar palatkalarda yashaydi. Lager yangi yilning ilk oyida ochiq bo’ladi. Prezident ma’muriyati lager faoliyatining qachongacha davom etishini e’lon qilmagan. Shuningdek, Florida shtatidagi bolalar uchun mo’ljallangan lagerda ham yotoq o’rinlari ko’paytirilishi ma’lum qilingan.
Texasning cho’l hududida joylashgan Tornillo lageri joriy yilning iyun oyida tashkil etilgan bo’lib, dastlab 360 o’ringa ega bo’lgan. Biroq migrantlar oqimining ortishi natijasida lager ham kengaydi. Dekabr oyining oxiriga kelib, lagerda yashayotgan o’smirlar soni 2300 ga yetgan. 13-17 yoshli Markaziy amerikalik oilalar farzandlari 150 dan ziyod palatkalardan qo’nim topgan.
AQSh Sog’likni saqlash vazirligi matbuot kotibi Mark Veberning ma’lum qilishicha, Tornillo lageri yangi migrant o’smirlarni qabul qilishni to’xtatdi. Veber lagerning qachon to’liq yopilishiga oydinlik kiritmadi. Uning aytishicha, vazirlik bolalarni tez va xavfsiz tarzda boshqa joyga ko’chirish ustida ishlamoqda.
Hukumat, shuningdek, Florida shtatidagi migrant bolalar lagerida yotoq o’rinlari sonini 1350 tadan 2350 taga ko’paytirishni reja qilmoqda, deydi Veber.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, yil yakuniga kelib Amerika lagerlarida ushlab turilgan migrant bolalarning umumiy soni 9800 ga yetgan.
Amerika Pediatriya akademiyasi va boshqa ekspertlarga ko’ra, bolalarni ommaviy ravishda lagerlarda ushlab turishning oqibatlari xavfli bo’lishi mumkin. Bosimli vaziyat ularni bir umrga psixologik majruh qilib qo’yishi ehtimoli katta.
Veber bolalarni ommaviy lagerlarda saqlash masalaning mukammal yechimi bo’lmasa-da, chegara patrul xizmatida tutqinlikda ushlab turishdan ancha yaxshi ekanini aytgan.