Vashington-Pekin savdo urushidan ko’plab sohalar, xususan Amerikaning qishloq xo’jaligi ham zarar ko’rmoqda. Ikki davlat bir-birini adolatsiz savdo shartlarida ayblaydi. Soyaga talab va narx tushib ketgan. AQSh fermerlari Xitoy boshqa davlatlarning xaridoriga aylanishidan xavotirda. Dehqonlar Xitoydagi uzoq yillik shaxsiy va tijoriy hamkorlik inqirozdan chiqishga yordam beradi, degan umidda.
Ayova shtatida yirik miqdorda soya yetishtiriladi. Ularning katta qismi Xitoyga sotilar edi.
Fermerlar hosil olish uchun ko’plab texnika vositalari va keng dalalardan foydalanadi.
“Resurslar, peshona teri va mahorat pul topish uchun yetarli emas”, - deydi o’tgan yili 153 gektar yerga soya ekib, daromad ololmagan Devid Miller.
Savdo urushi Millerga qimmatga tushdi. Biroq Xitoyni til topishishga undamoqda.
“Tariflardan avval Xitoy bu masalaga e'tibor berarmidi?” - deya so'raydi Miller.
Xitoy rahbari Si Zinpin bir paytlar Ayova fermerlari oldiga kelib, savdo aloqalarini rivojlantirishga chaqirgan edi. Shtatning sobiq meri, Amerikaning Pekindagi elchisi Terri Brensted ham Xitoyni hamkorlikka undagan.
Biroq savdo aloqalariga putur yetdi. Vashington Xitoyni tijoriy nayrang, intelektual mulkni o’zlashtirish va bir tomonlama savdoda ayblamoqda. Xitoy esa Amerika ayblovini inkor etadi.
Vashington Xitoy mahsulotlariga yuqori tarif joriy qildi. Pekin ham Amerika qishloq xo’jaligi importiga bojlarni oshirdi. Natijada Ayova soyalari qimmatlashib, xaridorlarini yo’qotdi.
Soyaga bo’lgan talab tushib ketdi.
Ayova Soya Assotsiatsiyasi vakili Grant Kimberliga ko’ra, Xitoydagi iqtisodiy o’sish savdoni tiklashga umid beradi.
“Xitoyda soyaga talab bor. Chunki u yerda o’rta sinf vakillari ko'paydi. Aholi ko’proq oqsil iste’mol qilyapti. Go’sht mahsulotlariga talab kuchaymoqda. Jonivorlarni boqish uchun esa soya kerak”, - deydi u.
Xitoy Braziliya va boshqa davlatlardan soya xarid qila boshladi. Amerika ekspertlariga ko’ra, joriy vaziyat Xitoy fermerlarini soya yetishtirishni ko’paytirish yoki uning o’rniga jo’xori va boshqa ozuqadan foydalanishga majbur qilishi mumkin. Bu Amerika fermerlari va eksportiga jiddiy zarar yetkazadi.