1807-yil G'arbiy Afrikada 37 yoshli boy va olim musulmon qo'lga olinib, Amerikaga olib kelinadi va qul qilib sotib yuboriladi.
Umar ibn Said ismli bu odam umrining qolgan qismini Amerika janubida qul sifatida o'tkazadi. O'z biografiyasini yozib qoldirmaganda, bu inson haqidagi ma'lumotlarni ehtimol bugun bilmagan bo'lardik.
"Umar ibn Saidning hayoti" deb nomlagan asar arab tilida bitilgan va bugun Kongress kutubxonasida saqlanmoqda. Unda nafaqat Amerikadagi bir qulning hayoti, balki AQShdagi dastlabki musulmonlar tarixi ham aks etgan.
Amerikaga qul qilib olib kelinganlarning uchdan biri musulmon bo'lgan. Ularning aniq soni ma'lum emas, lekin jami qullarning 40 foizi, asosan, musulmonlar yashagan G'arbiy Afrikadan keltirilgan.
"Nasroniy davlat degan qarashlarni o'zgartiradi bu. Bu mamlakatni tashkil etish paytidayoq nasroniy bo'lmaganlar bor edi, degan tushunchaga yo'l ochadi. Ular nafaqat o'sha paytda mavjud bo'lgan, balki davlatni qurishga ham yordam berishgan", - deydi Bruklin tarix jamiyati tadqiqotchisi hamda Bruklindagi musulmonlar loyihasi rahbari Zohir Ali.
Amerikaning ilk musulmonlari qullar edi...
AQShda qullarni bir xil kategoriya bilan tasniflash an'anasi mavjud bo'lib, maqsad afrikalik qullarning o'zligini va tarixini o'chirish bo'lgan.
"Qoralar deb tasniflashdan maqsad qul qilingan afrikaliklarni mol-mulk sifatida ko'rish edi. Agar diniy o'zliklarini tan oladigan bo'lsangiz, ularning insonligini tan olishingizga to'g'ri keladi", - deydi Arkanzas universiteti professori Xolid Beydun.
"O'sha paytlar musulmon deganda odamlar arab, usmonlilar yoki yaqin sharqliklarni tushungan. Qul afrikaliklar bu tasnifga mos tushmagan", - deydi Beydun.
Musulmonlar va afrikaliklar bir-biridan alohida tasniflangani uchun musulmon afrikalik qullarning o'zligini o'chirish, ularni musulmon sifatida ko'rmaslik an'anasi bo'lgan. Bu esa ularning tarixdan o'chishiga, ular haqida ma'lumotlarning boy berilishiga hissa qo'shgan.
O'z tarixlarini o'zlari yozishdi
Qul qilingan musulmonlar yozib qoldirgan bitiklarga qaralsa, qullarning aqliy salohiyatdan yiroq, faqat jismoniy ishlargagina yaroqli ishchi kuchi bo'lgani haqidagi tasavvurlarning xato bo'lgani ko'rinadi.
"Ular o'zlari to'g'risida yozib, nafaqat hayotlari haqida ma'lumot qoldirishgan, balki afrikaliklar haqidagi ayirmachi qarashlarni ham rad etishgan", - deydi Zohir Ali.
O'zidan yozma bitiklar qoldirmaganlar haqida esa ajdodlari xotiralari hamda ulardan qolgan hujjatlar asosida ma'lumot topish mumkin.
Ularning islom diniga qanchalik e'tiqod qilgani aniq emas. Ayrimlari nasroniylikni qabul qilgan, ba'zilari esa egalarini rozi qilish uchun o'zini nasroniydek tutgan. lekin musulmon qullarning o'z e'tiqodidan voz kechmaganini ko'rsatuvchi dalillar ham ko'p.
Jorjiya shtati janubidagi qabristonlarda islomiy belgilar aks etgan qabr toshlari mavjud. Ota-bobolarining namoz o'qiganini ko'rgani haqida hikoya qiluvchilar ham bor.
Ilk musulmonlarning Amerika madaniyatiga ta'siri
Afrikalik musulmonlar soni katta bo'lmasa ham, ular Amerika madaniyatida o'z izlarini qoldirgan.
Tadqiqotchi Silviane Diufning aytishicha, qullar aytib yurgan qo'shiqlar uslubi Qur'on qiroatiga o'xshab ketadi. Mississipida boshlangan bu qo'shiqlar keyinroq "blues" janrining tug'ilishiga turtki bo'lgan.
Aliga ko'ra, banjo va gitaraning kelib chiqishi ham G'arbiy Afrikadagi an'anaviy musiqa asboblarga borib taqalishi mumkin.
Musulmon qullarning afro-amerikaliklarga ko'rsatgan eng katta ta'siri bugungi qora tanlilar orasida tarixiy dinga qaytish harakatining boshlanganidir.
"20-asrda afro-amerikaliklar jamiyatida islomga qaytish harakati qisman boy berilgan merosni qayta tiklash bilan bog'liq, ya'ni ular uchun bu yangi din emas. Islom AQSh uchun yangilik emas. U mamlakat bunyod bo'lishidan oldin ham mavjud edi. U bu mamlakatni qurishga yordam berganlar orasida bor edi. Islom doim Amerika hikoyasining bir qismi bo'lib kelgan", - deydi Ali.
Hozirgacha qora tanlilar AQShdagi musulmonlar orasida eng katta etnik guruh hisoblanadi.